Joriy yilning 10-avgust kuni Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi inspektori A.Mirzaahmedov Ohangaron viloyati hududida xizmat vazifasini bajarayotib tan jarohati oldi. Mazkur fakt bo‘yicha to‘plangan materiallar tuman prokuraturasiga yuborildi.
Avval xabar qilinganidek, ekologiya inspektori Ohangaron tumanidagi “Oybuloq” MChJ hududidagi “Taraqqiyot Baxtiyor” fermer xo‘jaligiga g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon qoldiqlari yoqib yuborilishi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish maqsadida kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, inspektor "Oybuloq"da yashovchi 1993-yilda tug'ilgan fuqaro F.O'.ga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo'lgan paytda F. O. inspektorga tan jarohati yetkazib, xizmat guvohnomasi va hujjatlarini yirtib tashlagan. Tibbiy tekshiruv natijasida inspektorda "o'ng ko'z konyuktinga qon quyilishi, burun, o'ng yanoq, chap ko'krak usti sidirilgan" jarohatlari borligi aniqlandi.
Fuqaro F.O'. Ohangaron viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-moddasiga asosan ushlangan. Holat yuzasidan unga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi va 227-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yil boshida tashkil etilgan Ekologiya vazirligi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilgan holatlarga nisbatan keskin munosabatda bo‘lib, aniqlangan noxush holatlarga tezkorlik bilan chora ko‘rmoqda.
Afsuski, shunga qaramay, ekologik muvozanatni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatlashga tayyor bo'lmagan fuqarolar ham uchrab turibdi.
Ayni paytda mamlakatimiz rahbariyatining va befarq bo‘lmagan fuqarolarning sa’y-harakatlari tufayli ekologiya inspektorlarining atrof-muhitni muhofaza qilish chora-tadbirlari borasidagi faoliyati yanada kuchaytirildi.
Shuningdek, Ekologiya vazirligining ekologiya inspektori Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirliklari va Milliy gvardiya xodimlari bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlarida berilgan vakolatlar doirasida daraxtlarni noqonuniy kesish, qushlarni noqonuniy ovlash va umuman ekologiya sohasidagi boshqa qonun buzilishi holatlariga qarshi keskin kurash olib bormoqda.
Bu shuni anglatadiki, ekologiya sohasidagi har qanday noqonuniy xatti-harakatlar qattiq jazolanadi.