Qarshi shahrida chiqindi tashishga moʼljallangan zamonaviy texnika vositalari soni koʼpaydi
10.
08. 2023
13:22
3268
Янгиликлар

Qashqadaryo viloyatida chiqindi tashish bilan shug'ullanadigan “Qashqadaryo ekotrans” korxonasiga 17 ta "ISUZU" rusumli chiqindi tashuvchi zamonaviy texnika vositalari topshirildi.

Viloyat hokimi Murodjon Аzimov, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktori Sharifbek Hasanov va sektor rahbarlari ishtirokida texnikalar kalitlari haydovchilarga tantanali topshirildi.

"Zamonaviy texnika vositalari, albatta, ekologiyani toza saqlash, atrof-muhitni chiqindilardan o'z vaqtida tozalashga xizmat qiladi, – dedi viloyat hokimi. – Qolaversa, chiqindi tashuvchi mashinalarni olib kelish orqali 50 dan ortiq qo'shimcha yangi ish o'rinlari yaratildi".

“Qashqadaryo ekotrans” korxonasi rahbari Xoʼjamqul Nurqulov esa yangi texnikalar xizmat ko'rsatish sifatini yanada oshirishini ta'kidladi. 

"Аyni paytda MChJ ixtiyorida 30 ta chiqindi tashuvchi maxsus va 14 ta boshqa turdagi vazifalarni bajaruvchi texnikalar bor. Ular shahar aholisiga xizmat koʼrsatmoqda, — dedi Xoʼjamqul Nurqulov. — Endi esa ixtiyorimizdagi texnikalar soni 61 taga yetdi. Tabiiyki, bu aholiga yanada yaxshiroq xizmat ko'rsatish imkonini yaratadi".

 

Ta'kidlash joizki, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi "Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish" loyihasi doirasida 300 dona "Isuzu" rusumli chiqindi yigʼuvchi maxsus texnikalar xarid qilingan. Ushbu texnikalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan hududlardagi sanitar korxonalariga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda. 

Shuningdek, maxsus texnikalar bir yillik imtiyozli davrga ega boʼlib, qoʼshimcha qiymat soligʼidan ozod etilgan. Bu oʼz oʼrnida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilashga, qamrov darajasini (4 mln kishiga) oshirishga hamda chiqindilarni oʼz vaqtida olib chiqib ketishga yordam beradi. 

Maʼlumot uchun, sanitar tozalash korxonalariga yengillik yaratish maqsadida ular tomonidan boshlangʼich badal shakllantirishda qiyinchilik tugʼilganda, uning oʼrniga qonunchilikda belgilangan tartibda taʼminot turlaridan biri yoki bir nechtasini taqdim etish imkoniyati ham berilmoqda. 

Qayd etish kerakki, maxsus texnikalar Yaponiyaning "Isuzu" brendi ostida Samarqand avtomobil zavodida yigʼilgan boʼlib, ularning sifat darajasi Yevropa standartlariga toʼla javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat koʼrsatishga moʼljallangan.

Фойдали манбалар