Toshkentda yovvoyi hayvonlarning noqonuniy xalqaro savdosiga qarshi kurash masalasi muhokama qilindi
20.
07. 2023
09:45
2483
Янгиликлар

19–20-iyul kunlari Toshkent shahrida “Noqonuniy xalqaro savdo obyekti bo‘lgan yovvoyi hayvonlarni aniqlash. Uni bartaraf etishning qonuniy asoslari” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. 

Trening “Markaziy Osiyoda hayvonot dunyosi jinoyatlariga qarshi kurashish salohiyatini oshirish va ularga ko‘maklashish” xalqaro loyihasi doirasida tashkillashtirildi. 

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Respublika kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish markazida tashkil etilgan tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti vakillari, “EKOMAKTAB” ERM, xalqaro loyiha ekspertlari va boshqalar ishtirok etdi. 

Ekologiya vazirligining Biologik xilma-xillikni saqlash siyosati boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov o‘z nutqida yovvoyi hayvonlar va o‘simliklarning noqonuniy savdosi xalqaro jinoiy faoliyatning eng daromadli turlari orasida to‘rtinchi o‘rinda turishini, narkobiznes, odam savdosi va boshqalardan bir oz ortda qolganini ta’kidladi.

“Noqonuniy savdoni kamaytirish maqsadida Ekologiya vazirligi va Bojxona qoʻmitasi oʻrtasida oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini eksport/import qilishga ruxsatnomalarni oʻtkazish, shuningdek oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini noqonuniy olib kirish/eksport paytida qonunni buzgan shaxslarga nisbatan maʼlumotlarni toʻplash va tegishli xalqaro xizmatlarga yuborish uchun maʼlumotlar bazasiga kiritish hamda eng qattiq choralarni qoʻllash tizimlarini integratsiyalash masalasi koʻrib chiqilmoqda”, dedi A.Sadiqov.

Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro me’yoriy hujjatlar (CITES) asosida yovvoyi hayvonlarni olib kirish/eksport qilish qoidalari, yovvoyi hayvonlar savdosi tahlili natijalari va yovvoyi hayvonlar turlarini aniqlash usullari bilan tanishtirildi. Shuningdek, trening doirasida yovvoyi hayvonlar turlarini, soxtalashtirilgan CITES sertifikatlarini aniqlash, jinoyat senariylari va huquqbuzarlarni qo‘lga olish jarayonlari bilan interaktiv tarzda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi hamda ishtirokchilarga o‘quv kurslarini tamomlaganliklari to‘g‘risidagi sertifikatlar berildi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston 1997-yilda Oliy Majlis qaroriga muvofiq yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiyaga (CITES) qo‘shilgan.

5600 ga yaqin hayvon va 30 000 oʻsimlik turlari CITES tomonidan muhofaza qilinadi, ularning har biri konvensiyaning uchta ilovasidan birida sanab oʻtilgan va ular uchun zarur boʻlgan himoya darajasiga muvofiq xalqaro savdo nazorat qilinadi.



Mamlakatimizda o‘simlik va hayvonot dunyosi turlari bilan savdo qilish sohasidagi ekologik qonun hujjatlarini, shuningdek, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi (CITES) sohasida litsenziyalash tartib-qoidalarini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida litsenziyalash tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida”gi qarori (2014-yil 20-oktyabr, 290-son) bilan tartibga solingan.

Фойдали манбалар