YXHT bilan ekologiya sohasida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi
20.
06. 2023
11:43
2518
Янгиликлар

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining iqtisodiy va ekologik faoliyati koordinatori Igli Hasani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda mintaqaviy darajadagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, xususan, ekotizimlarni saqlash yo‘nalishida ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini barqaror ta’minlash hamda suv resurslarini boshqarish haqida ham so‘z yuritildi.

"Toshkentda Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish va hamkorlikni kengaytirish bo'yicha mintaqaviy seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, — dedi Aziz Abduhakimov. — Maqsadimiz bugungi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda seminarda aniq takliflar bildirish va ekologik muammolarni bartaraf etish borasida samarali natijalarga erishishdir".

Ta'kidlash joizki, uchrashuvda YXHT tomoni  Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universitetining tashkil etilishini yuqori baholadi. Qolaversa, ekologiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida institutsional salohiyatni rivojlantirish, xususan, ekologik jurnalistika va ekologik huquqni rivojlantirish istiqbollarini alohida e'tirof etdi.

Bundan tashqari, Igli Hasani yangi vazirlikning asosiy yo‘nalishlari hamda YXHTning barcha vositalari, jumladan, sohadagi vakillari va tashkilotlarni jalb etish masalasi bo‘yicha ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi. 

Shu bilan birga, YXHT vakili atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi barcha vazirlik va idoralar rahbarlarini joriy yilning iyul oyida Venada boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan yig‘ilishga  taklif qildi.  Ma'lumot uchun, mazkur yig'ilish Markaziy Osiyoda iqlim bilan bog‘liq xavflarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Фойдали манбалар