Butunjahon atrof-muhit kuni munosabati bilan Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning tabrik so‘zi
05.
06. 2023
13:49
2863
Янгиликлар

Qadrli hamkasblar!

Sizlarni va ko‘pmillatli xalqimizni Butunjahon atrof-muhit kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda Yangi O‘zbekiston ravnaqi va aholi farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan, o‘z ishining ustasi bo‘lgan ekologlar, zoologlar, ekolog muhandislar, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha mutaxassislar, gidrometeorolog va o‘rmonchilar, sohaning jonkuyar olimlari hamda mutaxassislariga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Аziz do‘stlar!
Mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish boshlanib, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar qimmatbaho navlarining kesilishiga muddatsiz moratoriy amal qilmoqda. 

Taʼkidlash joizki, so‘nggi yetti yilda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni — 6,3 mln gektarga, o‘rmon fondi yerlarining maydoni esa 11,8 mln gektarga yetkazildi. 

Respublikaning yashillik darajasi oxirgi ikki yilda 7 foizga oshib, 15 foizni tashkil etmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston hududining 14 foizini muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil qilmoqda.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning respublika hududidagi ulushi bo‘yicha mamlakatimiz MDH mamlakatlari ichida 2-o‘rinni egallaydi. Shuningdek, transport tashlamalarini minimallashtirish uchun aholining elektromobillardan foydalanishini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida elektromobillar soni 2021-yilga nisbatan 3 barobarga oshgan. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mamlakatimizda elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlandi.

Parij bitimi doirasida 2030-yilga qadar issiqlik gazlarini atmosferaga chiqarishni qisqartirish bo‘yicha mamlakatimizda “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalar amalga oshirilib, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish imkoni mavjud. Ushbu bitim doirasida, shuningdek, issiqxona gazlari tashlamalarini 2030-yilga qadar 2010-yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish bo‘yicha qo‘shni davlatlar bilan izchil ishlar olib borilmoqda.

Qolaversa, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi vazifalarga erishish hamda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, shu jumladan, “yashil sertifikat” va ekologik markirovkalash tizimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

Hurmatli soha vakillari!

Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab vaziyatda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilarning inson sog‘lig‘iga zararli taʼsirining oldini olish uchun qulay sharoitlar yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi yetakchilarining ikkinchi uchrashuvida iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va ekotizimlar barqarorligini oshirish masalalariga alohida to‘xtaldi. O‘zbekiston sheriklar Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishidan ham manfaatdor ekani qayd etildi.

Qolaversa, kuni kecha ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutadigan Prezidentimizning farmon va qarorlari qabul qilindi. Joriy yil 31-may kuni qabul qilingan va sohani transformatsiya qilishga qaratilgan davlatimiz rahbarining Farmon va qarorlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Unda har bir hududning ekologik pasporti eʼlon qilinishi, 139 ta yirik suv xo‘jaligi obyektida suvdan samarali foydalanishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy etilishi, 2030 yilgacha respublikada yashillik darajasi 30 foizga yetkazilishi, “yashil subsidiyalar” va “yashil tariflar” joriy qilishni o‘z ichiga qamrab olgan “Nol chiqindi” mexanizmlari asosida yangi tartib amalga oshirilishi va boshqa muhim vazifalar belgilab berilgan.

Bugungi bayram kunida bir fikrni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: turmush tarzimizni “Tabiatdan olganimizni tabiatga toza qaytarish” tamoyiliga asoslangan holda tashkil qilishimiz zarur.

Shuning uchun, mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yuqori malakali kadrlarni yetishtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.

Аtrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan javobgarlik choralarining mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi O‘zbekistonning “Ekologik brendi”ni yaratamiz.

Hurmatli ekologlar, zoologlar, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha mutaxassislar, gidrometeorologlar va o‘rmonchilar!

Sizlarni ushbu fayzli va shukuhli ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman. Tabiatni, atrof-muhitni asrab-avaylash yo‘lidagi g‘ayratingiz, fidoiyligingiz aslo so‘nmasin!

Aziz Abduhakimov,
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri

 

Фойдали манбалар