Oʻzbekistonning Orxus konvensiyasiga qoʻshilishi masalasi muhokama qilindi
02.
06. 2023
10:48
3565
Янгиликлар

Toshkentda «Orxus konvensiyasi: sogʻlom atrof-muhit va barqaror rivojlanishni oqilona boshqarishda jamoatchilikning samarali ishtiroki» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, shuningdek, 60 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, O‘zbekiston va Orxus konvensiyasiga a’zo bo‘lgan boshqa mamlakatlarning davlat hokimiyati organlari vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

Davra suhbati BMT YEIK Orxus konvensiyasining Kotibiyati tomonidan Oʻzbekiston Tabiat resurslari vazirligi, Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya agentligi (GIZ), BMTning taraqqiyot dasturi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil qilindi.

Ochilish marosimida nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov Orxus konvensiyasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

“Ushbu konvensiya aholimiz, turli tashkilotlarimizga ekologik vaziyatdan boxabar bo‘lish, muhim xabarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘lga kiritish imkonini beradi, — dedi A. Abduhakimov. — Eng muhimi, O‘zbekistonning ekologiya sohasida, tabiatni muhofaza qilishda jahon standartlariga moslashish, xalqaro hamkorliklarni yanada rivojlantirishga zamin yaratadi. Bugungi davra suhbati ham sogʻlom atrof-muhit va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega”.

Tadbirda Serbiya, Sloveniya, Chexiya, Polsha, Fransiya va Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirok etmoqda. Orxus konvensiyasining uchta ustuniga alohida e'tibor qaratilmoqda: axborotdan foydalanish, qarorlar qabul qilishda jamoatchilik ishtiroki va odil sudlovdan foydalanish. Boshqa mamlakatlardan kelgan ma’ruzachilar samarali boshqaruv, sog‘lom muhit va barqaror rivojlanish uchun jamoatchilikning samarali ishtiroki bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ta’kidlash joizki, davra suhbati davomida ishtirokchilar atrof-muhitni muhofaza qilish borasida o‘zaro tajriba almashishadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Orxus konvensiyasiga qoʻshilishi uchun zarur boʻlgan kelajakdagi qadamlar muhokama qilinadi.

Ma’lumot uchun, Orxus konvensiyasi mohiyati 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish hamda atrof-muhit masalalariga doir qarorlar qabul qilishda keng jamoatchilikni samarali jalb etishga qaratilgan.

 

 

 

Фойдали манбалар