Uchta davlat mutaxassislari Ustyurt platosida bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar
23.
05. 2023
11:25
1881
Янгиликлар

O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vazirligi hamda Turkmaniston Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi vakillari o'rtasida uchrashuv o'tkazildi. 

Nukus shahridagi uchrashuvda  BMTning koʻchib yuruvchi turlar toʻgʻrisidagi konvensiyasi (BMT CMS)ning Markaziy Osiyo sutemizuvchilar tashabbusi (CAMI) tomonidan belgilangan transchegaraviy faol nuqta bo'lgan Ustyurt platosi bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Zoologiya instituti tomonidan Qozogʻiston va Oʻzbekiston chegarasidagi toʻsiq boʻylab koʻchib yuruvchi turlarga oid soʻnggi maʼlumotlar taqdim etildi.



Monitoring GIZning Orolboʻyi mintaqasida ekologik yoʻnaltirilgan hududlarni rivojlantirish loyihasi va Maykl Sukkov jamgʻarmasi koʻmagida yangi joriy etilgan SMART monitoring va patrul xizmati tizimi doirasida amalga oshirildi. 

Aytish joizki, chegaralar bo‘ylab o‘rnatilgan kamera qopqonlari chegara atrofida yovvoyi hayvonlarning ko‘pligini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, qozog‘istonlik ishtirokchilar Janubiy Ustyurt davlat qo‘riqxonasining O‘zbekiston va Turkmaniston chegaralariga tutashgan yangi klaster uchastkasi loyihasini taqdim etdilar.

Ishtirokchilar uchta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni muhokama qildilar, transchegaraviy muhofaza etiladigan hududni yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. 

Qolaversa, Turkmaniston vakillari Qaplankir qo‘riqxonasi monitoringi ma’lumotlarini taqdim etish barobarida, kelgusi muhokamalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirdi.

 Uchrashuvda Markaziy Osiyo sutemizuvchilarni himoya qilish va ularning tabiiy migratsiyasini taʼminlash boʻyicha BMT CMS va CAMI Harakat rejasi doirasidagi davlatlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlar tasdiqlandi.

Ushbu tadbir Sudochye-Akpetki davlat qo'riqxonasining Sudochye ko'liga va Orol dengiziga sayohat bilan yakunlandi. 

Ma'lumot uchun, ekskursiyadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistondagi qo‘riqlanadigan hududlar faoliyati bilan bevosita tanishishdan iborat.

Фойдали манбалар