O‘zbekistonning 4-obyekti xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritildi
06.
05. 2023
09:58
3966
Янгиликлар

O‘zbekiston delegatsiyasining Shveytsariyaga rasmiy tashrifi doirasida Sudochye ko‘li xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritildi. Tegishli sertifikat asosan, suv qushlarining yashash muhiti sifatida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlari toʻgʻrisidagi konvensiya Bosh kotibi M.Mumba tomonidan Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimovga topshirdi.

Ta’kidlash kerakki, Sudochye ko‘li O'zbekistonning Ramsar konvensiyasiga kiritilgan 4-obyekti bo‘ldi. Bunga qadar Dengizkoʻl 2001-yilda, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi 2008-yilda va Toʻdakoʻl hamda Quymazor suv omborlari 2020-yilda Ramsar ro‘yxatidan joy olgan.

“Suv qushlarining ko‘chmanchi turlarini saqlashda suv-botqoq yerlarining ahamiyati katta, – dedi Aziz Abduhakimov. – Bu hududlar karbonat angidridni o‘ziga singdirib, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatadi, shuningdek, ekologik turizmni rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega”.

O‘z navbatida Ramsar konvensiyasi Bosh kotibi O‘zbekistonning Ramsar obyektlarini saqlash bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.



Uchrashuv yakunida Mumba xonim Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbiri – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.

Ma'lumot uchun, Sudochye ko‘lida 24 turdagi baliq, 230 turdagi qush (118 ta gidrofil tur) bo‘lib, shundan 24 turi Xalqaro Qizil kitobga (12 tur) va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, ko‘lda 30 turdagi sutemizuvchilar ham bor (shundan 2 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga va 3 turi Xalqaro Qizil kitobiga kiritilgan).

Sudochye ko‘li bahor-kuz davrida suv qushlarining ommaviy konsentratsiyasi joyi sifatida juda muhim rol o'ynaydi. Suv havzasida bahorgi migratsiya davrida qushlar soni 100 mingdan oshadi.

Фойдали манбалар