Oʻzbekistonning yirik shaharlari Yevropa shaharlari qatorida yashil qoplamalar tizimiga kiritiladi
04.
05. 2023
16:46
3112
Янгиликлар

Shveytsariyaga tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov hamda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK) ijrochi kotibi, BMT bosh kotibi oʻrinbosari O. Algayerova, YEIK Atrof-muhit departamenti direktori M. Kayner, YEIK mintaqiy maslahatchisi S. Radnaaragchaa va Havoning uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi toʻgʻrisidagi konvensiya (Havo konvensiyasi) kotibi A. Karadjova o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

2-may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O. Algayerova Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori saviyada tashkil etilganligi ta’kidlab, buning uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. U forum “yashil” investitsiyalar, transport, turizm, taʼlim va boshqa muhim sohalarni rivojlantirish uchun mintaqaviy xabga aylanayotganini taʼkidladi.



Oʻz oʻrnida “yashil” investitsiyalar, xususan, chiqindi va karbon tashlamalarni hisoblash tizimi sohasiga xorijiy investorlarni jalb qilish hamda mahalliy tadbirkorlar uchun davlat-xususiy sherikchiligi tizimini xalqaro standartlarga va prinsiplarga asosan optimallashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar YEIK xalqaro ekspertlari tomonidan qayta koʻrib chiqilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, shaharlarda havoning ifloslanishi yuqori darajaga koʻtarilganini hisobga olgan holda Havo konvensiyasi kotibi bilan konvensiyaga aʼzo boʻlish istiqbollari va ratifikatsiya davrida xalqaro metodologiya, huquqiy instrumentlar va ilgʻor tajriba asosida havo sifatini yaxshilash uchun chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishildi.

Ta’kidlash joizki, BMT bosh kotibi oʻrinbosari forum doirasida Samarqandga tashrif buyurib, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti yigʻilishi doirasida Registonda ekilgan daraxtlarni alohida e’tirof etdi. Bu aynan YEIKning “Shaharlarda daraxtlar” tashabbusida namuna sifatida namoyish etilishini maʼlum qildi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, “Shaharlarda daraxtlar” tashabbusiga “Yashil makon” doirasida ekilgan daraxtlar statistikasini integratsiya qilish va Oʻzbekistonning yirik shaharlarini Yevropa shaharlari qatorida yashil qoplamalar tizimiga kiritishga kelishildi.

Uchrashuv yakunida BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbiri – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasiga taklif etildi.

Фойдали манбалар