Senat tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ma'qullandi. Unga ko'ra, daraxt, butalar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesganlik, shikastlaganlik, yo‘q qilganlik yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.
Bundan tashqari, ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida ushbu huquqbuzarliklar takror sodir etilgan taqdirda o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish choralari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, endilikda daraxt va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik ham kiritilmoqda.
Shuningdek, noqonuniy daraxt kesganlik yoki kundakov qilganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 4 ta moddasida ma’muriy javobgarlik belgilangan. Mazkur moddalarda bir xil ma’muriy huquqbuzarlik uchun turli miqdordagi jarimalar va nomutanosiblik mavjudligi inobatga olinib, o‘zgartishlar orqali bir turdagi ma’muriy huquqbuzarlikka nisbatan bitta moddada bir xil javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur Qonunning qabul qilinishi daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesilishi, kundakov qilinishi, shikastlantirilishi yoki yo‘q qilinishi bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va davlat ekologik nazoratining samarali tashkil etilishiga xizmat qiladi.