Prezident Shavkat Mirziyoyev tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi
07.
04. 2023
09:22
3030
Янгиликлар

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarga muvofiq, Tabiat resurslari vazirligi tashkil etilgan edi. Hozirgi kunda bu sohada dolzarb vazifalar juda koʻp.

Tabiiy muhitni asrab-avaylagan holda, qoʻriqxona va pitomniklarda ekoturizmni, ov xoʻjaliklarida ovchilik turizmini rivojlantirish mumkin. Shu bois tabiat maskanlariga sayyohlarni jalb qilish, yovvoyi hayvonlarni koʻpaytirish uchun pitomniklar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Prezident suv, havo, yer va yerosti boyliklarini muhofaza qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Xususan, 500 ziyod korxonada suv tozalash inshooti standartga javob bermaydi, baʼzilarida umuman yoʻq. Kompensatsiya miqdori kamligi sababli, bunday texnologiya oʻrnatishdan koʻra, kompensatsiya toʻlash foydali boʻlib qolgan. Shu bois meʼyordan ortiqcha oqova uchun kompensatsiya toʻlovini oshirish taklifi bildirildi. Davlatimiz rahbari ekologik nazorat inspeksiyasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq berdi.

Jumladan, yurtimizda yiliga 7 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻlayapti. Shundan faqat 2 million tonnadan ziyodi qayta ishlanadi. Qolgan chiqindilardan paydo boʻlayotgan issiqxona gazi
va sizot suvlar tabiatga zarar yetkazayapti.

Ohangarondagi eski poligonda chiqindidan 15 Megavatt elektr energiyasi olish loyihasi boshlangan. Davlatimiz rahbari bu tajribani kengaytirib, boshqa poligonlarda ham chiqindini qayta ishlash va muqobil energiya olishni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Oʻrmon xoʻjaligida daraxt bilan qoplangan hududlar atigi 8 foiz ekani, albatta, yetarli emas. Koʻchatchilikni rivojlantirib, choʻllarda 221 ming gektar, togʻ hududida 15 ming gektar oʻrmonlar barpo qilishga imkoniyat borligi qayd etildi.

Bunda, oʻrmonchilik sohasini rivojlantirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda tubdan yangi tizimni joriy etishga koʻrsatma berildi. Jumladan, bogʻ va oʻrmonlarni barpo etish markaziy moliyalashtiriladigan manzilli dastur asosida amalga oshirilishi qatʼiy belgilandi.

Gidrometeorologiya yoʻnalishida avtomatlashgan meteorologik stansiyalarni koʻpaytirish, gidrologik oʻlchov uskunalarini avtomatlashtirish, agrometeorologik xizmat boʻyicha mobil ilovani ishga tushirish choralari belgilandi.

Bundan tashqari, har bir tuman va shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar oʻrnatiladi. Shunga asosan, hududlarning havo tozaligi reytingi shakllantirilib, mansabdor shaxslar ishiga baho berib boriladi.

Фойдали манбалар