Qiziltepa tumanida “Hokimlik bogʻi” tashkil etildi
16.
03. 2023
19:06
2403
Янгиликлар

Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani singari Navoiy viloyatida ham shu kunlarda “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumi qizgʻin davom etmoqda.

Bugun Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida xizmat safari bilan Navoiy viloyatiga keldi. 

Shu oʻrinda aytish oʻrinliki, davlatimiz rahbari 2022-yilning 25-noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda “Navoiy tajribasi”ni joriy etish boʻyicha topshiriqlar bergan edi.  

Mazkur tashabbus ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. “Yoʻl xarita”ga asosan viloyatda koʻchat oʻtqazish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanib, aniq manzilli dasturlar ishlab chiqildi. Bunda tumanlarda 5 gektardan kam boʻlmagan hududlar aniqlanib, ekiladigan koʻchatlar uchun yer tayyorlash, sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyish, yerni mahalliy oʻgʻitlar bilan boyitish choralari koʻrildi.

 Hududlardagi har bir korxona, tashkilot, muassasa va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning daraxt ekish boʻyicha rejasi belgilab olindi. Bunda daraxt koʻchatlarini ekish ishlari sugʻorish tizimini inobatga olgan holda rejalashtirildi.

Navoiy viloyatida shuningdek, har bir mahalliy hokimlik tomonidan “Hokimlik bogʻ” lari, vazirlik va idoralarga tegishli hududlarda “Vazirlik bogʻi”ni barpo qilish ishlari ham boshlab yuborildi.

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov Qiziltepa tumanining “Malikobod” MFY hududida tashkil etilayotgan “Hokimlik bogʻi”da boʻlib, viloyat va tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari qatorida koʻchat ekish aksiyasida ishtirok etdi. 

Ushbu aksiya davomida 5 gektar yer maydoniga 1000 tup pavlovniya, 500 tup katalpa koʻchatlarini ekish ishlari amalga oshirildi.

Tabiat resurslari vaziri A.Abduxakimov hududni koʻzdan kechirib, olib borilayotgan ishlarni sifatli tashkil etish yuzasidan masʼullarga koʻrsatma va tavsiyalar berdi.

Aziz Abduxakimov Navoiy viloyati hokimi Nurmat Tursunov bilan “Hokimlik bogʻi” hududida ekilgan yarim gektardagi terak, tol va jiyda qalamchalari, shuningdek, yana yarim gektarda payvand usulida ekilgan oʻrik bogʻi bilan ham tanishib, bu yerda yaratilgan tajribani yuqori baholadi va hududlarda ommalashtirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

  

Tabiat resurslari vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasi matbuot xizmati

Фойдали манбалар