BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
24.
02. 2023
17:55
2411
Янгиликлар

Xabar berilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri  A. Abduxakimov shu kunlarda Italiya poytaxti Rim shahrida atrof-muhit va suv resurslari boʻyicha oʻtkazilayotgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajagi 7-konferensiyasida ishtirok etmoqda. 

Ushbu konferensiya doirasida A.Abduxakimov BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining Atrof-muhit masalalari boʻyicha departamenti direktori Marko Kayner bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda tomonlar oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Xususan, Oʻzbekistonda atrof-muhit holati boʻyicha 2019-2023-yillarga moʻljallangan Milliy hisobotni tayyorlash istiqbollari boʻyicha fikr almashildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 1-fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekistonda atrof-muhit holati boʻyicha Milliy hisobotni ishlab chiqish metodologiyasi boʻyicha kirish seminar-treningi boʻlib oʻtgan edi.

Seminarda taʼkidlanganidek, mazkur Milliy hisobot atrof-muhit holati va uning oʻzgarishi tendensiyalarini baholash imkonini beruvchi ekologik koʻrsatkichlarga asoslangan asosiy axborot mahsulidir.

BMT tomoni Oʻzbekistonning BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining ekologik konvensiyalariga qoʻshilishi uchun Yevropaning ilgʻor tajribasidan foydalangan holda normativ-huquqiy baza va institutsional salohiyatni mustahkamlashning barcha bosqichlarida har tomonlama hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining Atrof-muhit masalalari boʻyicha departamenti direktoriga faol hamkorlik uchun minnatdorlik bildirib, joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan BMT Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasining bajarilishini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-yigʻilishi hamda BMT Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14)da ishtirok etishga taklif qildi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Фойдали манбалар