Ona tabiatga ziyon yetkazmaslik barchamizning birdek vazifamiz
14.
02. 2023
16:36
2381
Янгиликлар

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitga jiddiy munosabatni shakllantirish masalalariga dunyoning koʻplab mamlakatlarida katta eʼtibor qaratiladi. Joriy tartib-qoidalarga rioya qilmagan fuqarolarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi bor gap. Masalan, Ispaniyada mashina derazasidan chiqindini uloqtirish 200 yevro, sigaret qoldigʻini yoʻlakka tashlash 90 yevro miqdorida jarima solishga asos boʻlsa, Shvetsiyada qogʻozni yerga tashlagan kishi 90 yevro, Singapurda 300 dan 1000 dollargacha jarimaga tortiladi.

Mamlakatimizda ham chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlik, atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun qonunchilikda va tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda choralar belgilangan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksining 82, 91, 123-moddalarida chiqindini tashlash boʻyicha normalar belgilab qoʻyilgan. 82-moddaga muvofiq, muhofaza qilinayotgan tabiiy hudud rejimini buzsa, javobgarlik belgilangan. Fuqaro 91-moddada koʻrsatilganidek, noqonuniy joyga  boʻlsa yoxud avtomashinadan chiqindini tashlaydigan boʻlsa jarimaga tortilishi belgilangan va shunday huquqbuzarlik sodir etganlarga chora koʻrilishini eslatib oʻtmoqchimiz.

Soha inspektorlari tomonidan hududlarda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash uchun Oʻzbekiston Respublikasinining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksiga koʻra, jarimaga tortilishi haqda tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay afsuski, bunday holatlar koʻplab uchrab turibdi. Baʼzi yurtdoshlarimiz chiqindini belgilanmagan joyga, koʻcha-koʻyga, daraxt tagiga, ariq ichiga, umuman, duch kelgan joyga tashlash mumkin emasligini tushunib yetmayapti. Eng yomoni, koʻplab fuqarolar oʻz xonadonlarida hosil boʻlayotgan maishiy chiqindilarni avtotransport vositalari yordamida belgilanmagan joylarga chiqarib tashlamoqda. Bu bilan ular nafaqat oʻzlarining sogʻliqlariga ziyon yetkazayotganini, balki atrof-muhitning ifloslantirayotganini oʻylab ham oʻtirmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4845-sonli qaroriga asosan tender asosida viloyat hududida sanitar tozalash xizmatlari davlat-xususiy sherikchilik loyihasi asosida xususiy sektorga biriktirilishi belgilangan. Ushbu hujjatga asosan Toshkent viloyatidagi 15 ta tuman va shaharlar 4 ta lot asosida tenderga qoʻyilib, bitim asosida tadbirkorlarga biriktirilgan. 

Toshkent viloyati tuman hamda shahar hududlariga davlat-xususiy sherikchilik asosida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlar xizmat koʻrsatib kelmoqda. Jumladan,  Angren shahar, Parkent hamda Yuqori Chirchiq tumanlariga “Zero -Waste” MCHJ, Nurafshon, Olmaliq shaharlari, Ohangaron, Oʻrta Chirchiq tumanlariga “Angren ,Bunyod fayz” MCHJ, Yangiyoʻl shahar, Bekobod, Boʻka, Zangiota, Quyi Chirchiq, Oqqoʻrgʻon, Pskent, Chinoz, Yangiyoʻl tumanlariga “Zangiota obodon” MCHJ, Boʻstonliq, Qibray tumanlariga “Raxnamo Servis” MCHJ davlat-xususiy sheriklik loyihasi asosida biriktirilgan boʻlib, ular tomonidan hududlardan maxsus texnikalar yordamida chiqindilarni olib chiqib ketmoqda. 

Shuningdek, Ohangaron shahrida “Ohangaron sanitariya” MCHJ muqobil korxonasi, Bekobod shahar hududiga 7 ta muqobil korxonasiga biriktirilganligi maʼlum qilinadi. Bugungi kunda Toshkent viloyati hududlariga qarashli 20 tuman va shaharda davlat-xususiy sherikchilik asosida hamda 2 ta shaharda muqobil korxonalar xizmat koʻrsatmoqda.

Aziz yurdoshlar, belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlab, atrof-muhit ifloslanishiga yoʻl qoʻymaylik. Qolaversa, soha xodimlarining mehnatini qadrlaylik. Albatta, masʼullar tomonidan namunali sanitar xizmat koʻrsatish nazoratga olinib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirlmoqda. Lekin, shu bilan birga, eng avvalo, oʻzimizda masʼuliyatni unutmaylik. 

Tabiat resurslari vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati

Фойдали манбалар