Milliy gvardiya xodimi ragʻbatlantirildi
06.
02. 2023
21:44
2473
Янгиликлар

 Tabiat resurslari vazirligi tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida faol ishtirok etib, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirayotgan soha xodimlari hamda yurtdoshlarimizni  ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda.

 Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi Lazizbek Mirzakarimov Qarshi tumani “Guliston” MFY hududida Ekologiya, Ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan monitoring reyd tadbirida ishtirok etib, oʻzining jonkuyar xodim ekanligini namoyon etdi. 

  U ushbu reyd tadbiri davomida oʻzining boshqaruvida boʻlgan ekskvatorda noqonuniy ravishda qum-shagʻal aralashmasini  yuklab berayotgan fuqaro J.Rning xatti-harakatlariga chek qoʻydi. Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qonun talablarini buzgan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 70-moddasi, 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarima undirildi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-189-son Farmonining 4-bandiga asosan Tabiat resurslari vaziri A.Abduxakimovning tegishli buyrugʻi bilan L.Mirzakarimov jarima sifatida undirilgan mablagʻning 30 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantirildi.

 Tabiat resurslari vazirligi Milliy gvardiya xodimi L.Mirzakarimovga minnatdorlik bildirgan holda bundan buyon ham ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etishda faol ishtirok etgan yurtdoshlarimizni belgilangan tartibda ragʻbatlantirib borilishini maʼlum qiladi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Фойдали манбалар