Toshkentda “Oʻzbekiston Respublikasida atrof-muhit holati toʻgʻrisida”gi Milliy maʼruza metodologiyasini ishlab chiqish boʻyicha kirish seminar-treningi boʻlib oʻtdi. Seminar Oʻzbekiston Tabiat resurslari vazirligi tomonidan BMTning Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi (YEIK), BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (YUNEP) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) koʻmagida tashkil etildi.
Seminar ochilishida taʼkidlanganidek, atrof-muhit holati toʻgʻrisidagi Milliy hisobot atrof-muhit holati va uning oʻzgarish tendensiyalarini baholash imkonini beruvchi ekologik koʻrsatkichlarga asoslangan asosiy axborot mahsulotidir.
Hisobotdan ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy siyosat va qonunchilik bazasini hamda tabiatdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari, tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni yanada takomillashtirish, maqsadli ekologik dasturlarni, ekologik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ilmiy-texnik ishlanmalarni ishlab chiqish va joriy qilish, barqaror rivojlanishning asosi sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiatdan oqilona foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini baholash maqsadida ekologik jihatdan muhim qarorlarni qabul qilishda axborot asosi sifatida foydalanish imkonini beradi.
Bugungi kunga kelib, atrof-muhit holati boʻyicha milliy hisobotlarni tayyorlashning umumeʼtirof etilgan metodologiyasi — Driver-Pressure-State-Impact-Response (DPSIR) – Drayverlar (Harakatlantiruvchi kuch) -Bosim-Holat-Taʼsir-Javob choralar sxemasi hisoblanadi.
Mazkur oʻquv seminarda Oʻzbekiston Respublikasining turli vazirlik va idoralaridan 30 dan ortiq mutaxassislar ishtirok etib, Barqaror rivojlanish xalqaro institutining xalqaro eksperti Liviya Bizikova (Kanada) tomonidan taqdim etilgan DPSIR sxemasi bilan tanishdilar. U integratsiyalashgan sektorlararo siyosatni ishlab chiqish uchun asosning afzalliklarini amaliy tadqiqotlar bilan batafsil bayon qildi va DPSIR matritsasidan foydalanishni interaktiv tarzda namoyish etdi.
Ushbu sxema jamiyat va atrof-muhit oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirni tavsiflash uchun sabab sxemasi sifatida ishlatiladi. Bu atrof-muhitga toʻgʻridan-toʻgʻri insoniy va tabiiy bosimlar, shuningdek inson rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan ushbu taʼsirlarning yuqori oqimlarini tushunishga koʻmak beradi.
Bunday tahlil orqali atrof-muhit holatidagi oʻzgarishlar inson farovonligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan muayyan ekotizim xizmatlariga qanday taʼsir qilishini koʻrish mumkin. Ushbu muammolarga javob berish samaradorligini baholash uchun tegishli kompleks baholash doirasida zararni kamaytirish va atrof-muhitni tiklash va odamlarni mavjud atrof-muhit taʼsiriga moslashtirish siyosatini tahlil qiladi.
Slovakiya Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi vakillari Dorota Xerikova, Zuzana Leskovska va Qozogʻiston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi vakillari Oltin Balabayeva, Irina Kolchina oʻtish davridagi mamlakatlarning Milliy hisobotlar boʻyicha xalqaro tajriba va amaliyoti bilan oʻrtoqlashdilar.
Oʻzbekistonlik ekspertlar – Tabiat resurslari, Iqtisodiyot va moliya, Qishloq xoʻjaligi, Suv xoʻjaligi va Sogʻliqni saqlash vazirliklari mutaxassislari atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi mavjud holat va tendensiyalarni taqdim etdi.
Seminar-treningda olingan bilimlar ishtirokchilarga yangi metodologiya asosida Milliy hisobotni tayyorlashda DPSIR sxemasini qoʻllash va kelgusida bunday tahliliy materiallarni muntazam ravishda tayyorlashda yordam beradi.
Tadbirda Tabiat resurslari vaziri oʻrinbosari J.Kazbekov ishtirok etdi.
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati