O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri old tomonida kesilgan daraxt yuzasidan
09.
01. 2020
14:04
5724
News

Respublikada o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilinishiga, profilaktika tadbirlarining  olib borilishiga qaramasdan hududlarda daraxtlarning noqonuniy kesilish xolatlari davom etmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur masalaga bag‘ishlangan postlarda vakolatli davlat organlari tomonidan tegishli chora-tadbirlarning qabul qilinmayotganligi ta’kidlanmoqda. Aslida Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimida ijtimoiy tarmoqlarda sohaga oid barcha xabarlarning monitoringi olib borilib, tezkor choralar o‘z vaqtida ko‘rilmoqda. Unutmaslik lozimki, o‘rganish, hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari kun, ba’zan huquqbuzar voqea joyida bo‘lmagan taqdirda esa videokameralarni ko‘rish, shaxsni aniqlash bilan bog‘liq holatlarda bir necha kunlarni talab qilishi mumkin.

Joriy yilning 7 yanvar kuni Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri old tomonida kesilayotgan daraxtlar yuzasidan joylashtirilgan xabarga muvofiq boshqarma inspektorlari bayon etilgan hudud - Chilonzor tumani, Cho‘pon ota ko‘chasi «TS» mavzesiga chiqib, holatni joyida o‘rganib chiqdilar.  

O‘rganish natijasida ko‘rsatib o‘tilgan manzilda 1 dona chinor fuqaro F.X.Z. tomonidan tegishli ruxsatnomasiz noqonuniy kesilganligi aniqlandi. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida» gi qonunining (yangi tahriri) 37-moddasi qo‘pol ravishda buzilgan. 

Huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKodeksning tegishli moddasiga asosan 1 115 000 so‘m jarima solindi. 

Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-son qaroriga muvofiq o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar jami 38 891 200  so‘mni tashkil etdi. Yetkazilgan zararni undirish uchun inspektorlar tomonidan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirildi.



Hurmatli fuqarolar hamda jamoat tashkilotlari vakillari! Agar Siz daraxt kesilishi bilan bog‘liq  holatlarning guvohi bo‘lsangiz, darhol Qo‘mita ishonch telefoniga — (+998) 70 236-26-66;  (+998) 71 207-11-07  yohud  Davlat ekologiya qo‘mitasi Axborot xizmatiga — (+998) 71 207-07-70  (ichki 5555#, 1034#, 1029#)   qo‘ng‘iroq qilib holatni ma’lum qilishingiz mumkin.

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources