O‘zbekiston Qizil Kitobining yangi nashriga tayyorgarlik:hayvonot va o‘simlik dunyosi bo‘yicha qanday o‘zgarishlar yuz berdi?!
19.
10. 2019
22:16
7716
News

Biologik xilma-xillikni, xususan o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi hayvonlar va yovvoyi tarzda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini saqlab qolish va qayta ko‘paytirishni ta’minlash maqsadida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash va nashr etish bilan bog‘liq ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, Qizil kitob O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan hayvonlar, yovvoyi o‘simliklar va qo‘ziqorinlar turlarining holati, tarqalishi, kamyoblik maqomi va yo‘qolib ketish xavfining maqomi va muhofaza choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui hisoblanib, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlarni muhofaza qilish va ularni qayta tiklashga qaratilgan.

So‘nggi o‘n yil davomida tabiatdan foydalanishning jadallashuvi natijasida O‘zbekistondagi ko‘plab hayvon turlari kuchli antropogen ta’sir ostida qolib, ularning yashash joylari va soni qisqardi, ba’zilari esa butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Hozirda ko‘plab hayvon turlarining, jumladan, O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasining soni ham yashash joylarining o‘zgarishi va yo‘q qilinishi (yaylovlardan chorvachilik maqsadida uzoq yillardan beri haddan tashqari ko‘p foydalanish oqibatida), qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi, tijorat (eksport) maqsadida toshbaqalarni ovlash va tuxumlarini terish, brakonerlik, tabiiy yashash joylarining o‘zlashtirilishi kabi antropogen omillar tufayli uzluksiz kamayib bormoqda.

O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi o‘tgan asrning birinchi yarmidan boshlab kamayishni boshlagan. Ikkinchi Jahon urushi davrida O‘rta Osiyo toshbaqasi go‘shtidan ko‘p miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. 1950–1960 yillarda toshbaqa, asosan, iqtisodiy ehtiyojlar uchun yig‘ilgan, biroq ochiq dashtda qishloq xo‘jaligi rivojlanishi turlarning yashash joylari va soni sezilarli darajada kamayishiga olib keldi. 1960–1980 yillarda toshbaqaning mazkur turiga bo‘lgan qiziqishlarning ortishi sabab ular zoologik savdoga chiqarilgan.

O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi (Agrionemys horsfieldii) zaif, himoyaga muhtoj tur sifatida Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi (TMXI)ning Qizil ro‘yxatiga kiritilgan. Mazkur tur mamlakatimiz hududining qo‘zg‘aluvchan qumlaridan tashqari barcha tekislik qismlarida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqarida Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston, Eron, Afg‘oniston, Shimoli-g‘arbiy Xitoy va Shimoliy Pokistonda uchraydi. Qizilqum, Surxon, Nurota davlat qo‘riqxonalarida va Buxoro ixtisoslashgan “Jayron” pitomnigida muhofaza ostiga olingan.

Oxirgi 18 yil davomida qonuniy va noqonuniy ravishda jami 1.254.100 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi tabiatdan olingan va eksport qilingan. Hozirda toshbaqaning tabiiy yashashi uchun yaroqsiz va o‘zlashtirilgan hududlarning umumiy maydoni 300 ming km2 ni tashkil etadi. Manbalarda keltirilishicha, so‘nggi 60 yil mobaynida xo‘jalik faoliyati yuritilishi natijasida toshbaqaning yashash joylari 1,5 million gektarga qisqarib ketgan.

Bugungi kunga kelib mazkur turning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining yangi nashriga kiritildi (batafsil ma’lumot http://zoology.uz saytida).

Qizil kitobning yangi nashriga shuningdek, antropogen omillar ta’siri ostida qolgan va tobora kamayib borayotgan o‘simlik turlari ham kiritilgan. Eslatib o‘tamiz, mazkur turlar Qizil kitobning avvalgi nashrida qayd etilmagan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari tomonidan Tojik kovragi tabiiy populyatsiyalarining hozirgi holati, tabiiy zaxiralari va tarqalish hududlarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida o‘simlik populyatsiyalari sonining keskin qisqarib ketganligi, o‘z navbatida, o‘simlik zaxirasi hajmining kamayib ketganligi aniqlandi. Bunga asosiy sabab, tabiatdan foydalanuvchilar tomonidan o‘simlik xomashyosi (shirasi) nazoratsiz, rejasiz va noto‘g‘ri (o‘simlik ildizi o‘zak qismini to‘liq kesib tashlash orqali – bunda o‘simlikning to‘liq nobud bo‘lishiga olib keladi) yig‘ib olinayotganligidir.

Boisi shuki, o‘simlikdan farmatsevtikada qon to‘xtatuvchi boylam sifatida foydalaniladi. Xalq tabobatiga bag‘ishlangan qator ilmiy manbalarda bu shira amenoreya kasalligini davolashda kataral mahsulot sifatida tavsiya etilgan. Ko‘pchilik Sharq davlatlarida xalq tabobatida bu o‘simlik ildizidan olinadigan shirasi quruq yo‘tal, meteorizm va tomir tortishish kasalliklarida foydalaniladi. Ateroskleroz, katarakta, asab va ruhiy buzilishlarning rivojlanishini tormozlovchi vosita sifatida yuqorida darajada qadrlanadi. Bundan tashqari, o‘simlik kuchli antigelmint xususiyatiga ega. Qandolatchilikda xushbo‘y hid beruvchi sifatida foydalaniladi. Biroq, bularning barchasi qat’iy tavsiyalar asosida va dori vositalarini tayyorlash retsentlariga jiddiy rioya qilingani taqdiridagina ijobiy ta’sir ahamiyatiga ega bo‘lishini unutmaslik lozim.

Respublikamizning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari xududlaridagi yuqori adir va quyi tog‘ mintaqalarida joylashgan tabiiy zaxiralaridan, ya’ni bunday nooqilona foydalanish natijasida ilgari xo‘jalik ahamiyatiga ega bo‘lgan maydonlar butkul yaroqsiz holatga kelib, mazkur turni O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobining navbatdagi nashriga 3-maqom bilan tavsiya etilishiga asos bo‘ldi (batafsil malumot www.botanika.uz saytida).

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources