«Ammofos Maksam» aktsiyadorlik jamiyatida atrof muhit qonunchiligi ijrosi holati ustidan nazorat haqida
18.
07. 2019
18:52
6812
News

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash, chiqindilar bilan ishlarni rivojlantirish maqsadida, Davlat ekologiya qo’mitasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida bir qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyati respublikada sanoatlashgan hudud hisoblanib, bu viloyatda ekologik holat ustidan davlat nazoratini hamda atrof muhitni ifloslantiruvchi manbalarda monitoring kuzatuvlarini muntazam olib borish talab etiladi, hamda Davlat ekologiya qo’mitasi oldida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Hozirgi kunda, viloyat hududida 1.932 ta ob’ektlar faoliyat yuritib, ulardan 610 tasi atrof-muhitga ta’sir ko’rsatishning yuqori va o’rtacha darajadagi xavfli ob’ektlarga to’g’ri keladi. Qolgan 1.322 tasi esa ta’siri past va mahalliy darajadagi ob’ektlar hisoblanadi.

Viloyatning yirik korxonalaridan biri hisoblangan «Ammofos Maksam» aktsiyadorlik jamiyatida o’tkazilgan jamoat eshituvida mazkur korxonaning atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi faoliyati  muhokama qilindi.

 «Ammofos Maksam» aktsiyadorlik jamiyati Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida 1969 yilda ishga tushirilib, sanoat zonasining 519,1405 gektar er maydonida joylashgan, ob’ekt atrof muhitga ta’sir ko’rsatish faoliyati bo’yicha 1-toifaga mansub.

Korxonada yiliga 268.000 tonnadan ziyod qishloq xo’jaligi mineral o’g’itlar ishlab chiqarilmoqda, bu albatta o’z navbatida hududning atrof muhitni ifloslantirishga ham o’zining salmoqli hissasini qo’shadi.

Jamoat eshituvida O’zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari Ibratjon Karimov ishtirok etib,  «Ammofos Maksam» aktsiyadorlik jamiyatida atrof muhit qonunchiligi ijrosi holati ustidan nazorat haqida o’z fikr mulohazalarini bildirdi.

Ta’kidlandiki, korxonada atmosfera havosini ifloslantiruvchi 74 ta manbalardan yiliga 2.888,07 tonna qattiq va gazsimon ifloslantiruvchi moddalar tashlanishi belgilangan.

Amalda 2018 yil yakunida korxona faoliyati davomida atmosfera havosiga 1.356,3 tonna ifloslantiruvchi moddalar tashlanib, ushbu ko’rsatkich sanoat korxonalari o’rtasida Respublika bo’yicha 0,15 %ni, viloyat bo’yicha esa 0,41 %ni, Olmaliq shahri bo’yicha 1,07 %ni tashkil etmoqda.

Shu o’rinda davlat statistika hisoboti ko’rsatkichlarida korxonadagi  ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2017 yilga nisbatan 2018 yilda 300 tonnaga yoki 27,3 % ortganligi qayd etilgan.

2018 yil davomida, respublika bo’yicha sanoat korxonalarining chang-gaz tozalash uskunalarida atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarning ushlab qolinishi 86,2 % tashkil etgan bo’lsa, «AMMOFOS-MAXAM» AJda esa 40 foizigina ushlab qolingan xolos.

Korxona tomonidan atrof muhitni muhofazasiga yo’naltirilgan tadbirlari uchun 2018 yilda 1 mlrd. 160 mln. so’m atrofida mablag’lar saraflangan bo’lsada, uning samarasi etarli darajada emasligidan darak bermoqda.

Ta’kidlash joizki, korxona tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko’ra, 2019 yil uchun tuzilgan atrof-muhit muhofazasiga oid tashkiliy-texnikaviy chora-tadbirlarga asosan 2019 yil 1-yarim yillikda jami
3 mln.  428 ming AQSh doll, 1 mln 528 ming 400 evro va 4 mlrd. 526 mln. 903 ming so’m mablag’ saraflangan bo’lib, ushbu saraflangan mablag’lar evaziga bajarilgan tadbirlar 2019 yil yakuni bilan o’z samarasini berishiga ishonch bildirildi.

Shu bilan bir qatorda, «AMMOFOS-MAXAM» AJning yirik ekologik muammolardan bir bu, yillar davomida qariyb 269,5 gektar
er maydonida to’planib qolgan 71.808,2 ming.tonna fosfogips chiqindisi hisoblandi.

Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, 2019 yil 1 yanvar holatiga 216,2 ming.tonna fosfogips chiqindisi qayta ishlangan, bu esa atigi 3% qayta ishlanganligini ko’rsatmoqda.

2019 yil 6 oylik holatiga 440,5 ming.tonna fosfogips chiqindisi hosil bo’lgan, shundan 83,4 ming.tonna, ya’ni  19 % fosfogips chiqindisi qayta ishlangan xolos.

Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan davlat ekologik nazoratini doimiy ravishda amalga oshirish jaryonida korxonada atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash bo’yicha bir qator ishlar amalga oshirilayotgan bo’lsada, ayrim yo’nalishlarda kamchiliklar ham mavjudligi qayd etilmoqda.

Jumladan, 2018 yil 11 fevral kuni fosfogipsni chiqarib tashlash galereyasi (transportiroka lentasi) qulab tushishi oqibatida korxonada texnologik avariya  holati sodir bo’lib, buning natijasida 20 ming tonna fosfogips chiqindisi belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi aniqlangan.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, ishlab chiqarish natijasida ekologik vaziyatni yumshatish va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko’rsatishini oldini olish maqsadida Davlat ekologiya qo’mitasi tomonidan quyidagi takliflar bildirildi:

Jamiyatdagi 10 yildan ziyod foydalanilgan ma’nan eskirgan chang-gaz tozalash uskunalarini (ChGTU) texnik jihatida ta’mirlashga ketayogan sarf harajatlarni oldini olish maqsadida, yangi chang gaz tozalash uskunalarini o’rnatish masalasini ko’rish;

5 yildan ortiq muddatda foydalanilgan chang-gaz tozalash qurilmalarini kapital va doimiy ravishda joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;

yillar davomida to’plangan fosfogips chiqindisini  qayta ishlashga zamonaviy texnologiyalar tadbiq qilish maqsadida, horijiy    investorlarni jalb qilish orqali, chiqindilarni qayta ishlash hajmini oshirish;

ifloslantiruvi moddalar va oqava suvlar manbalarini uzluksiz avtomatik kuzatish tizimini joriy etish;

atrof tabiiy muhitga va aholi salomatligiga etkazilishi mumkin bo’lgan salbiy oqibatlarni oldini olish maqsadida jamiyatda hosil bo’ladigan ishlab chiqarish oqava suvlarini shahar kanalizatsiya tarmog’iga tashlash joyida suv tarkibini aniqlash maqsadida doimiy laboratoriya taxlili o’tkazib borish va taxlil natijasida aniqlangan holatlarni bartaraf etish choralarini ko’rish.

Useful resources