22 may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni munosabati bilan Tabiat resurslari vazirligi, Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, UNICEF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Uchtepa tumanidagi 81-sonli umumta’lim maktabida “Tabiatni asrashga barchamiz mas’ulmiz!” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Ma’lumki, biologik xilma-xillik sayyoradagi hayot shakllarining xilma-xilligini tavsiflaydi va tirik organizmlar, o‘simliklar hamda hayvonlarning ko‘p sonli turlarini, shuningdek, ular tegishli bo‘lgan ekologik tizimlarni ifodalaydi.
Tadbir avvalida 81-sonli umumta’lim maktabi direktori Ziyoda Haydarova ishtirokchilarni muhim ekologik sana bilan qutladi. Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari Salimjon Bo‘riyev seminarni ochib berdi va biologik xilma-xillik ahamiyati xususida so‘z yuritdi. UNICEF tashkiloti xodimi Murodjon Ismoilov "Yoshlarda ekologik ta’lim-tarbiya va ekologik madaniyatni shakllantirish istiqbollari” mavzusida ma’ruza qildi.
Seminar doirasida o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokida biologik xilma-xillikni saqlash va rivojlantirish bo‘yicha interfaol usulda mashg‘ulotlar o‘tkazildi, maktab issiqxonasida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan tabiatni asrash mavzusidagi sahna ko‘rinishlari barchaga manzur bo‘ldi.
Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlangan tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchi-yoshlar Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.