Yangilanayotgan Konstitutsiya mohiyatiga bagʻishlandi
25.
03. 2023
13:47
3345
Новости

Tabiat resurslari vazirligida “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining mazmun va mohiyatini tushuntirishga bagʻishlangan targʻibot-tashviqot tadbiri oʻtkazildi.

Unda vazirlik markaziy apparati, shuningdek, vazirlik huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi va Gidrometeorologiya agentliklari, hududiy boshqarmalar, vazirlik tizimidagi idora va tashkilot masʼullari hamda xodimlari ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi. 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, Ekologik partiya fraksiyasi rahbari Xayrullo Gʻafforov maʼruzasi tinglandi.

Maʼruzada Konstitutsiyaviy islohotlar bilan bogʻliq muhim siyosiy-huquqiy jarayonlar xususida atroflicha maʼlumot berildi. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi referendumi hamda yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mohiyatiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek,  joriy yilning 30-aprel kuni Konstitutsiyamizga kiritilgan oʻzgartishlar munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish belgilandi.    Ushbu referendumga bugungi kunda xalqimiz qizgʻin tayyorgarlik koʻrib, faol ishtirok etish istagini bildirmoqda. Bu bejiz emas, chunki yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Zero, unda ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan “Inson qadri uchun” gʻoyasi hamda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili inson qadrini ulugʻlashga qaratilgani bilan eʼtiborga molikdir.

Uchrashuvda Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida ekologik masalalarga alohida urgʻu berilayotgani va bir qator ekologik huquqlarga oid normalar belgilanishi koʻzda tutilayotgani boʻyicha ham ishtirokchilarga maʼlumot berildi.

Muhokamalar jarayonida Tabiat resurslari vazirligi xodimlari ham Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar boʻyicha oʻz fikr va takliflarini bildirdilar. 

Tadbirda Tabiat resurslari vaziri oʻrinbosari N. Oblomuradov ishtirok etdi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Полезные ресурсы