Global yashil o'sish instituti (GGGI)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyat boshlaganiga bir yil bo‘ldi
15.
02. 2023
19:29
2204
Новости

Shu munosabat bilan poytaxtimizda GGGI ning bosh direktori  doktor Frank Raysberman, O'zbekistondagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar hamda xalqaro tashkilotlar rahbar va vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, GGGIning O'zbekistondagi vakolatxonasi o'tgan 2022-yilning 22-fevral kuni tashkil etilgan va hozirda Tabiat resurslari vazirligi binosida faoliyat ko'rsatmoqda.

Mazkur tadbir Tabiat resurslari vaziri A.Abduxakimovning ishtirokchilarga videomurojaat shaklidagi tabrigi bilan boshlandi. Taʼkidlanganidek, Global yashil o'sish institutining O'zbekistondagi vakolatxonasi MDH, shu jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi ofis hisoblanadi. O'tgan bir yil davomida institut tomonidan faoliyat yo'nalishidan kelib chiqib, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, cho'llanishning oldini olish kabi bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.


 

Jumladan, Orolbo'yi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan umumiy qiymati 5,9 mln. AQSH dollariga teng bo'lgan loyiha Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etishga va mahalliy aholining turmush tarzini yanada yaxshilashga, yangi yashil biznes tamoyillari bilan tanishtirishga xizmat qilmoqda.

Global yashil o'sish instituti xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bosh ofisi Seul shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Mazkur tashkilot 2012-yil 20-iyun kuni Rio-de-Janeyroda (Braziliya) BMTning Barqaror rivojlanish bo'yicha konferensiyasi doirasida taʼsis etilgan. Tashkilotga dunyoning 45 davlati aʼzo hisoblanadi. O'zbekiston ushbu nufuzli tashkilotga 2019-yil Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan aʼzo bo‘lgan.

Tadbirda Global yashil o‘sish instituti (GGG)ning Bosh direktori doktor Frank Raysberman institut vakolatxonasining bir yillik faoliyatini yuqori baholagan holda O'zbekistonda yashil o'sish va iqlim barqarorligi bo'yicha kelajakda hamkorlikda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar, rejalar haqida maʼlumot berdi.

Tadbir davomida GGGIning O'zbekistondagi vakolatxonasi va Fransiya rivojlanish agentligi o'rtasida Strategik ekologik baholashni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan 145.000 yevro miqdoridagi grant shartnomasi imzolandi. Ushbu grant GGGIning skrining tadbirlarini amalga oshirish, hukumatning atrof-muhit bo'yicha olib borilgan keng ko'lamli tadqiqotlar va o'tkazilgan tajribalarni atrof-muhitni asrab-avaylash bo'yicha rejalashtirish jarayonida foydalanishda yordam beradi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Полезные ресурсы