Xayrli tashabbuslar bardavom boʼlsin
13.
01. 2023
19:55
2296
Новости

Shu kunlarda mamlakatimizda hukm surayotgan anomal sovuq havo sharoitida Tabiat resurslari vazirligi tasarrufidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noyob yovvoyi hayvonlarni himoya qilish, ularning oziqlanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash maqsadida tegishli biotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan oʼtkazilmoqda. 

Jumladan, hozirgi kunda hayvonlar suv ichadigan suvloqlarni vaqti-vaqti bilan muzlardan tozalash va qoʼshimcha oziqlantirish maqsadida belgilangan nuqtalarga yem-xashak qo'yib chiqish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. 

2022-yil davomida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda 170 tonnadan ortiq dagʼal xashak, 7000 donaga yaqin beda va somon presslari, 100 tonnadan ortiq omuxta yem biotexnik tadbirlar uchun zaxira qilingan va bu ozuqa zaxirasi dekabr-yanvar oylarida o'tkaziladigan biotexnik tadbirlar doirasida yovvoyi hayvonlarga qoʼshimcha ozuqa sifatida berilmoqda.

Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biotexnik tadbirlarni yanada sifatli tashkil etish ishlariga mamlakatimizdagi idora va tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar ham oʼz hissasini qoʼshmoqda.

 Jumladan, anomal sovuq sharoitida yovvoyi hayvonlarning hayotini yengillashtirish maqsadida Quyi Аmudaryo biosfera rezervatiga “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ tomonidan 34 tonna dagʼal xashak yetkazildi.

Bunday xayrli tashabbuslar Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tomonidan ham o'z vaqtida qoʼllab-quvvatlanib, viloyatdagi “Zarafshon” milliy tabiat bogʼidagi noyob yovvoyi hayvonlarni oziqlantirilishi uchun 5 tonnadan ortiq omuxta-yem ajratilib, milliy tabiat bogʼiga yetkazib berildi. 

Shu oʼrinda Tabiat resurslari vazirligi tashabbuskorlarga bunday faol hamkorlik hamda yovvoyi tabiat bagʼridagi jonivorlarga koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrlik uchun minnatdorlik bildiradi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Полезные ресурсы