17 iyun kuni «Butunjahon cho‘llanishga qarshi kurash kuni»
17.
06. 2020
13:54
5952
News

Ma’lumki, 1994 yil dekabr oyida BMTning Bosh assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiyaga asosan har yili 17 iyun kuni «Butunjahon cho‘llanishga qarshi kurash kuni»deb e’lon qildi.

Ushbu kunda dunyodagi barcha mamlakatlar yerlarni tanazullga uchrashini kamaytirish bo‘yicha muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan qarorlar qabul qilib, turli tadbirlar o‘tkaziladi va ularga aholinining keng qatlamlarini faol ishtirok etishini ta’minlash orqali cho‘llanish va qurg‘oqchilikni salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy ishlar olib boriladi.

O‘tgan asrning oxirlariga kelib, insoniyat g‘oyat murakkab ekologik muammolar qarshisida turganligini anglab yetdi. Iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi, cho‘llanish va yerlar degradatsiyasi, bioxilmaxillik kamayishi, ichimlik suvi yetishmasligi, o‘rmonlar qisqarishi kabi masalalar nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, bugungi kunda cho‘llanish dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlariga taxdid qilyapti. Achinarlisi, bu ko‘p jihatdan inson omiliga bog‘liq bo‘lib, tabiatdan ayovsiz foydalanilishi oqibatida tuproq va shamol erroziyasi cho‘llanish jarayonlarini yanada tezlashtirayapti.

O‘zbekiston — Yevrosiyo materigining markaziy qismida, dengiz va okeanlardan uzoqda joylashgan. U Janub va Sharq tomondan baland tog‘lar bilan o‘ralgan. Yoz vaqtida kuchli quyosh nuri ta’sirida qizib ketgan cho‘llar ustida tropik to‘zon havo massasi shakllanadi. Havoning o‘rtacha oylik harorati 28-30 darajani tashkil qilsa, eng yuqori ko‘rsatkich 50 darajagacha yetadi. Taassufki, bugungi kunda respublikamizning faqat qurg‘oqchil hududlarida emas, balki tog‘li hududlarda ham cho‘llanish holati kuzatilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda malakatimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining ayrim hududlarida ham cho‘llanish jarayonlari kuzatilmoqda.

Mamlakatimizning 80 foizi cho‘l va yarim cho‘llardan iborat bo‘lib, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalalari barqaror rivojlanishni ta’minlashda ustuvor o‘rin egallaydi. Hozirgi vaqtda qariyb 10 mln gektar yaylovlar tubdan yaxshilanishga muhtoj. Mollarni bir yaylovda qayta-qayta o‘tlatish, daraxtlarni yoqilg‘i va boshqa maqsadlar uchun kesish cho‘l zonasida daraxt-buta o‘simligining ancha kamayib ketishiga olib keldi.

Respublikada ko‘chadigan qumlar qariyb 1 mln gektar maydonni egallaydi va ushbu yerlarning ikki yuz ming gektari so‘nggi vaqtda sug‘oriladigan maydonlar atrofida paydo bo‘lgan. Bu esa cho‘llashish jarayonining jadallashuvida namoyon bo‘luvchi jiddiy tahdidni vujudga keltirmoqda. Yerlar degradatsiyasi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga jalb qilingan sug‘oriladigan hududlarda ham ro‘y bermoqda.

Shu bilan birga, Orol dengizining qurigan hududidan tuz va boshqa mineral moddalarning shamol orqali tarqalishi esa ekologik vaziyatni murakkablashishiga olib keldi.

Ayni paytda mamlakatimizda cho‘llanishga qarshi kurashning Milliy dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga asosan, yerlar degradatsiyasi hajmini qisqartirish yoki uning oldini olish, qisman degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, cho‘llanishga duchor bo‘lgan yerlarni qayta tiklash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilishi belgilab olingan. Binobarin, cho‘llanishga qarshi chora-tadbirlar respublikamizning barqaror rivojlanishi asoslaridan biri hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish Kontseptsiyasida global muammolar qatorida iqlim o‘zgarishi, yerlarning cho‘llanishi va degradatsiyasining oldini olish kabi bugungi ekologik tahdidlarni yumshatish va susaytirish bo‘yicha butunjahon harakatining bir qismi hisoblanishi ta’kidlab o‘tilgan.

Kontseptsiyada, atrof tabiiy muhit holatining sifatini yaxshilash maqsadida 2030 yilga qadar amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar qatorida yerlarning cho‘llanish va degradatsiya darajasini kamaytirish, yer maydonlarining sifati va unumdorligini qayta tiklash, yer resurslarini kompleks rejalashtirish va boshqarishni joriy etish salohiyatini yaratish, o‘rmon resurslari, yaylovlar va yer resurslarini barqaror boshqarishni ta’minlash hamda Orol dengizining O‘zbekiston tomonidagi qurigan tubida dov-daraxtlar ekilgan maydonlarni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, bugun tabiat insoniyatning boyligi emas, aksincha, inson uning bir bo‘lagi xolos. Shu bois unga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish kelajak uchun qo‘yilgan muhim qadam ekanini barchamiz yaxshi tushunib yetmog‘imiz darkor.

Z.Dushanova
Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi
Axborot xizmati

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources