Jamoatchilik ekologiya nazoratchisining huquq va majburiyatlari tasdiqlandi
27.
02. 2024
13:58
5124
News

2024-yil 1-iyunga qadar jamoatchilik ekologiya nazoratchiligiga nomzodlar Ekologiya vazirligi tomonidan mustaqil taʼlim shaklida maxsus tayyorgarlikdan oʻtkaziladi. Bu Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 24-fevralidagi “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida alohida qayd etilgan.

Maʼlumot uchun, Nizomda jamoatchilik ekologiya nazoratchisi faoliyatini tashkil qilish tartibi, maqomi, vazifasi, huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan va 18 yoshga toʻlganlar ekologiya nazoratchisi boʻlishi mumkin. 

Nomzodlar ekologiya nazoratchisi maqomini olishlari uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tishlari lozim. Buning uchun nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasiga murojaat qilib, yozma ariza qoldirishlari yoki vazirlikning uznature@exat.uz elektron manziliga elektron ariza yuborishlari lozim. Arizaga fuqaroning biometrik pasporti (ID karta) nusxasi va 3X4 hajmdagi rangli fotosurat ilova qilinadi. Nomzodlarning arizalari tegishliligi boʻyicha vazirlikning hududiy organlari tomonidan 10 ish kunidan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi va ularning roʻyxati vazirlik huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi maqomini berish komissiyasiga taqdim etiladi. Komissiya nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni uch ish kunida koʻrib chiqib, ularning roʻyxatini tasdiqlaydi va vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.

Hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda nomzodga kamchiliklarni bartaraf etish uchun uch kun muddat beriladi. Belgilangan muddatda hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa, Komissiya nomzodning maxsus tayyorgarlikdan oʻtishini rad etish toʻgʻrisda qaror qabul qiladi hamda bu haqda nomzodni uch ish kunida yozma ravishda xabardor qiladi.

Nomzodlar vazirlik tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejasi va dasturlari asosida Markaz tomonidan bepul maxsus tayyorgarlikdan oʻtkaziladi. Bu nomzodlarning talab va istaklaridan kelib chiqib masofaviy taʼlim tarzida amalga oshirilishi mumkin. Maxsus tayyorgarlikning muddati 72 soatni tashkil etadi. Markaz nomzodlarni maxsus tayyorgarlik boshlanishi muddatlari haqida tayyorgarlikdan 10 kun oldin xabardor qiladi.

Maxsus tayyorgarlikni oʻtkazish jarayonida nomzodlarga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida, davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik tadbirlarning amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtiroki, shuningdek, ekologiya nazoratchisining huquq va majburiyatlari, jamoatchilik ekologiya nazorati natijalarini rasmiylashtirish tartibi hamda ekologiya sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik yuzasidan tayanch tushuncha va bilimlar beriladi.

Nomzod maxsus tayyorgarlikda uzrli sabablarga koʻra qatnasha olmagan taqdirda u olti oy ichida navbatdagi maxsus tayyorgarlikka qabul qilish toʻgʻrisida ariza bilan komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Komissiya nomzodning arizasini qonunchilikda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqib, navbatdagi maxsus tayyorgarlikdan oʻtishi lozim boʻlgan nomzodlar roʻyxatiga kiritadi va vazirlikning veb-saytida eʼlon qilinishini taʼminlaydi.

Maxsus tayyorgarlikni toʻliq yakunlagan nomzodlarga yakuniy imtihondan oʻtish uchun ruxsat beriladi. Yakuniy imtihon masofaviy shaklda yakka tartibdagi suhbat koʻrinishida Komissiya tomonidan maxsus tayyorgarlikdan oʻtish yakunlanganidan soʻng 15 kun ichida oʻtkaziladi. Yakuniy imtihon shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida suhbat jarayoni audio va videotasvirga olinadi.

Nomzodlar besh ballik tizimda baholanadi hamda imtihon jarayonida berilgan beshta savoldan uchtasiga javob bera olmasa, Komissiya qaroriga muvofiq imtihondan oʻtmagan hisoblanadi. Imtihon natijalari vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Yakuniy imtihon natijalari boʻyicha nomzodlarga vazirlikning hududiy organlari tomonidan sertifikat hamda vazirlikning elektron raqamli imzosi (QR-kod) bilan tasdiqlangan ekologiya nazoratchisi guvohnomasi beriladi. Sertifikat va ekologiya nazoratchisi guvohnomasi uch yil amal qiladi va muddat tugaganidan keyin nomzod qayta tayyorlovdan oʻtkaziladi.

Ekologiya nazoratchisi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

— sohaga oid qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qoʻyishda ishtirok etish;
— ekologik huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, brakonyerlikka qarshi kurashish;
— tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirish hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik dasturlarning amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtirokini taʼminlashga koʻmaklashish.

Ekologiya nazoratchisi quyidagi huquqbuzarliklarni aniqlaganda dalolatnoma rasmiylashtiradi:

— chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash yoki yoqib yuborish;
— avtotransport vositalarini ochiq suv havzalari yaqinida yuvish hamda oqova suvlarni ushbu havzaga oqizish;
— qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish;
— jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatidan hosil boʻlgan oqova suvlarni belgilanmagan joylarga oqizish;
— noqonuniy ov qilish;
— daraxtlarni noqonuniy kesish, oʻsimliklarni yoʻq qilishga olib keluvchi boshqa holatlar.

Ekologiya nazoratchisi quyidagi huquqlarga ega:

— oʻz faoliyatini amalga oshirishda maxsus bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish uchun bepul taʼlim olish va malakasini oshirish;

— atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilikka yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini kuzatib borish;

— vakolatli organlar tomonidan davlat ekologik nazorati amalga oshirilishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;

— ekologik huquqbuzarlikni aniqlash, tegishli dalolatnomani rasmiylashtirish va Ekonazorat elektron tizimiga kiritish;

— aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan koʻrilgan choralar yuzasidan axborot olish, huquqbuzarga jazo tayinlash bilan bogʻliq jarayonlarda qatnashish;

— “Yashil makon” va boshqa platformalardan foydalanish hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami va natijalari bilan muntazam tanishib borish;

— atrof-muhitning holati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, mazkur sohadagi qonun buzilishini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot olish uchun tegishli davlat organlariga fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi va (yoki) nodavlat notijorat tashkilotining murojaatini tayyorlashda ishtirok etish;

— atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganish, jamoatchilik ekologik ekspertizasini oʻtkazishda ishtirok etish;

— aholining ekologik madaniyatini oshirish, ekologik taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga doir ishlarda qatnashish.

Ekologiya nazoratchisi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun talablari buzilganligi holatlarini aniqlashi va zarur choralar koʻrishi natijalariga koʻra Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:

— daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yoʻq qilish yoki boshqa joyga koʻchirib oʻtqazish boʻyicha — huquqbuzardan undirilgan mablagʻlar hisobidan BHMning bir baravari miqdorida (340 000 so‘m);

— ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik boʻyicha — huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining oʻn besh foizi miqdorida. Bunda oʻn besh foiz jarima miqdorining besh foizi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi inspektorini ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda alohida tashabbus koʻrsatgan ekologiya nazoratchilari vazirlik hududiy organlari taklifiga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 31-maydagi 81-sonli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilayotgan ushbu lavozim ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazoratini tashkil etish, fuqarolarning bu boradagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Ekologiya vazirligining hududiy boshqarmalari bilan bog‘lanish uchun quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://uznature.uz/ru/contact/index

Useful resources