Yurtimizda “Toza havo” oyligiga start berildi
10.
04. 2023
17:00
5955
News

Bugun, 10-apreldan  yurtimizda “Toza havo” oyligi tadbiri boshlandi. Tabiat resurslari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda oʻtkaziladigan tadbirdan maqsad mamlakatimizda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdir.

Ta'kidlash kerakki, soʻnggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining koʻpayishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa o‘z navbatida respublikamizda, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga xizmat qilmoqda.

2022-yil yakuniga koʻra, havo ifloslanishi boʻyicha xalqaro havo indeksi reytingida poytaxtimiz 20-oʻrinni egallagan.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda yurtimizda 4,0 mln ga yaqin avtotransport vositalari mavjud boʻlib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda oʻrtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi, bu umumiy tashlamalarning 63,0 foizini tashkil etadi (ushbu koʻrsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng). 

Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori oldingi yilga nisbatan 2022-yilda 26,0 ming tonnaga ko'paygan. Bunga foydalaniladigan yoqilgʻi turining sifati, aholining jamoat transportlaridan yetarli darajada foydalanmasdan, oʻz avtotransport vositalarida yurishlari, avtoulov egalarining oʻz avtotransportlarining texnik sozligiga yetarli darajada eʼtibor qaratmasliklarini asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin.

Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yoʻl-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy koʻchalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali koʻrikdan oʻtkaziladi.

Taʼkidlash kerakki, tadbir doirasida 79 ta yoʻl-patrul maskanlarida  koʻrik nuqtalari, shuningdek, viloyat va shaharlar markaziy koʻchalarida koʻchma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi.  

Tadbir 10-maygacha davom etadi.

Useful resources