Noyob qoʻngʻir ayiqning bolasi saqlab qolindi
25.
01. 2023
09:39
3078
News

2023-yilning 24-yanvar kuni Surxondaryo viloyatida joylashgan “Uzun” davlat oʻrmon xoʻjaligi hududidan ushbu xoʻjalik xodimlari tomonidan yolgʻiz yurgan bir bosh ayiq bolasi topildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan Tyan-shan qoʻngʻir ayiq turiga mansub boʻlgan ushbu ayiq bolasi onasi uyquga ketishdan oldin adashib qolgani taxmin qilinmoqda. 

Qishning hozirgi sovuq kunlarida uning yovvoyi tabiatda ozuqa topolmay nobud boʻlishi hamda brakonyerlar tomonidan ovlanishi ehtimoli yuqori ekanligi inobatga olinib, Tabiat resurslari vazirligi tomonidan ayiq bolasi veterinariya koʻrigidan oʻtkazish va vaqtincha saqlab turish maqsadida Toshkent hayvonot bogʻi qoshidagi reabilitatsiya markaziga topshirilmoqda.

Vazirlik hamda Toshkent hayvonot bogʻi mutaxassislari bahor fasli boshida ushbu ayiq bolasini  “Uzun” davlat oʻrmon xoʻjaligidagi tabiat bagʻriga qoʻyib yuborishni rejalashtirmoqda.

Tabiat resurslari vazirligi noyob va yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida turgan qoʻngʻir ayiqning bolasini saqlab qolishda faollik koʻrsatgan “Uzun” davlat oʻrmon xoʻjaligi xodimlari hamda Sariosiyo tumani Ekologiya boʻlimi inspektorlariga minnatdorlik bildiradi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

Useful resources