#Yashilmakon #kuzgimavsum #dolzarb40kun
22.
11. 2022
14:24
2990
News

Bugun Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomuradov Buxoro viloyatiga xizmat safari doirasida Vobkent tumani O‘rmon xo‘jaligi bo‘limida yaratilgan ko‘chatlar zaxirasi bilan yaqindan tanishdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida ko‘chatlar zaxirasiga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Xususan, joriy yil bahorgi va kuzgi mavsumlar avvalida bu borada joylarda monitoring o‘tkazilib, aniq maʼlumotlar bazasi shakllantirildi va ishlar shunga muvofiq tashkil qilindi. Ayni paytda ham bu jarayon qizg‘in davom etmoqda.

Umumiy maydoni 8 gektar bo‘lgan Vobkent tumani O‘rmon xo‘jaligi bo‘limida bugungi kunda 20 turdagi manzarali, 5 xil turdagi mevali daraxtlar hamda turli butalar parvarish qilinmoqda. Xo‘jalikda 600 ming tupga yaqin ko‘chat zaxirasi yaratilgan.

Buning asosiy qismini esa viloyat iqlimiga mos va suvsizlikka chidamli bo‘lgan tut, qayrag‘och, zarang, jiyda singari daraxt ko‘chatlari tashkil etadi. Shu bilan birga archa, yapon saforasi, shumtol, katalpa kabi boshqa manzarali daraxtlar ham parvarishlanib, joylarga yetkazib berilayapdi.

Qo‘mita raisi masʼullarga Buxoro viloyati iqlimiga mos bo‘lgan daraxt ko‘chatlari zaxirasini yana-da ko‘proq yaratish va mutaxassislar tavsiyalariga amal qilgan holda joylarga yetkazish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati

Useful resources