Qo‘qonda nima gaplar: Yangi tayinlov va dastlabki rahbarning «xurmacha» qiliqlariga bir nazar...
20.
09. 2021
18:13
5666
News

2021 yilning 17 sentyabr kuni «Toza hudud» DUK Qo‘qon shahar filialida ish samaradorligini oshirish va sohani yanada rivojlantirish maqsadida filialga yangi rahabar tayinlandi. Qo‘qon shahar filiali rahbarligi lavozimiga ilgari korxonaning O‘zbekiston tumani filialiga rahbarlik qilgan Husniddin G‘ulomov nomzodi tasdiqlandi.

Bir qaraganda, odatiy holdek. Ha nima bo‘libdi, sobiq rahbar ishini eplolmagan, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshmagan deyishingiz tabiiy. Bu tanganing bir tomoni. Ikkinchi tomoni, vazifasini ham eplolmagan bo‘lsin, mayli, lekin haromdan hazar qilmay, turli noqonuniy o‘z nazdida «halol» yo‘llar bilan xalq, davlat mulkini o‘zlashtirish, o‘marishi-chi?

Keling, hammasini bir boshdan boshlaylik.

Davlat ekologiya qo‘mitasi, Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va tashkil etish boshqarmasi tomonidan Sanitar tozalashga ixtisoslashgan korxonalar respublika birlashmasi xodimlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh joriy yilning 7-25 avgust kunlari Farg‘ona viloyati «Toza hudud» DUK tomonidan 2020-2021 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi va moliyaviy holatini tanlov asosida o‘rganadi.

Ishchi guruh o‘rganish davomida korxonaning Qo‘qon shahar filiali faoliyatida noqonuniy xatti-harakatlarni aniqlaydi. Ming taassufki, ba’zi shaxslarning qilgan ishlarini ko‘rib, eshitib lol qoladi, inson.

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish va joylashtirish bo‘yicha «Toza hudud» DUK Qo‘qon shahar filiali tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholidan majburiy to‘lovlarni undirishda filial nazoratchilari tomonidan 2020-2021 yillar davomida ishlatilgan kvitantsiyalar hisobini yuritish kitobi, yig‘ma jildlar va ularning reestrlari, undirilgan naqd pullarni bank kassalariga topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q qilingan. Bu haqda korxonaning Abonentlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i va J mutaxassisi yozma tushuntirish xati berib, shuni ma’lum qiladilarki, filialda majburiy to‘lovlarning undirilishi, to‘lov kvitantsiyalari hisobining yuritilishi, naqd pul mablag‘larining inkassatsiya qilinishi holati ular tomonidan 2021 yilning yanvar oyida o‘rganilgan. Filialning sobiq rahbari U.H. esa ushbu hujjatlar saqlangan binoda yong‘in chiqishi oqibatida barcha hujjatlar yonib ketganligini bildirib, yong‘in bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjatni yong‘inga qarshi kurashish organlaridan olib kelib ko‘rsatishini va’da qilgan. Lekin o‘rganish davomida yong‘in bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilinmagan.

Ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholidan undirilgan majburiy to‘lovlar bilan bog‘liq qat’iy hisobot hujjatlarining yo‘q qilinishi naqd pul mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq jinoyatni yashirish uchun qilingan harakat, deb tushungan ishchi guruhi tomonidan qariyb 20 ta MFY istiqomat qiluvchi xonadonlarga tashrif buyurilib, chiqindi uchun ularda mavjud to‘lov kvitantsiyalari fotosuratlarga olinadi va «Clean city» billing tizimidagi ma’lumotlar bilan taqqoslanadi. Taqqoslash natijasida 2020-2021 yillar davomida filial faoliyati davomida chiqindi uchun aholidan undirilgan majburiy to‘lovlarning 74,4% belgilangan tartibda bank kassalariga inkassa qilinmasdan noqonuniy ravishda o‘zlashtirilganligi aniqlandi. G‘ayriqonuniy yo‘llar bilan o‘zlashtirilgan mablag‘larni yashirish ilinjida «Toza hudud» DUK Qo‘qon shahar filiali mansabdor shaxslari tomonidan hujjatlar yo‘q qilingan, ayrim hollarda qalbakilashtirilgan.

Filialning sobiq rahbari U.H.ning noqonuniy xatti-harakatlaridan yana biri: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 sentyabrdagi 765-son qarori bilan tasdiqlangan «Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablariga zid ravishda, ya’ni Qo‘qon shahri hududida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmasdan turib, «Qo'qon maxsustrans service» MChJ hamda «Sanitar service Kokand» MChJlar tomonidan aholi va yuridik tashkilotlarga noqonuniy xizmatlar ko‘rsatib kelingan. Eng qizig‘i shundaki, «Toza hudud» DUK Qo‘qon shahar filialining sobiq rahbari U.Hoshimov ayni vaqtning o‘zida «Qo'qon maxsustrans service» MChJ rahbari ham hisoblanadi. U.H. davlat korxonasi rahbari bo‘la turib, o‘z mansab vakolatlarini suiste’mol qilgani holda, qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shahardagi yuridik tashkilotlar bilan «Toza hudud» DUK Qo‘qon shahar filiali o‘rtasida shartnomalar imzolanishini ta’minlash o‘rniga, o‘ziga tegishli bo‘lgan «Qo'qon maxsustrans service» MChJ bilan shartnomalar tuzishga kirishgan va xizmat uchun to‘lovlarni «Qo'qon maxsustrans service» MChJ hisob raqamiga o‘tkazishga erishgan. Natijada «Toza hudud» DUK Qo‘qon shahar filiali birgina 2021 yilning aprel oyida 66,7 mln so‘m zarar ko‘rgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning 7 oyida 466,9 mln so‘mni tashkil etgan.

O‘z nafsining quliga aylangan, ayrim uddaburonlar sodir etgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilishlari muqarrardir.

Hozirgi kunda yuqoridagilarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar va o‘rganish materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Nima bo‘lganda ham bugun tayinlangan yangi rahbarga muvaffaqiyalar tilagan holda, o‘z xizmat vazifalarini ado etish, belgilangan rejalarni bajarish va eng muhimi, xizmat sifatini yaxshilash va xalq duosini olish uchun shijoat ko‘rsatib ishlashga chaqirib qolamiz.

 

ANVAR ShEROV 
waste.uz muxbiri

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources