Ekologik ekspertiza sohasidagi nazorat
09.
08. 2021
13:21
9343
News

O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, respublika hududida rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ob’ektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash majburiy hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 oktyabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3956 - son qaroriga asosan, Davlat ekologiya qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tarkibida davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish bo‘yicha “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat unitar korxonalari ta’sis etilgan. Ushbu ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi, 2014 yil 21 yanvardagi “Ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 14-son qarorlariga muvofiq, atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I, II, Sh va IV toifalariga mansub faoliyat turlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil qilish, ekspertizadan o‘tkazishga materiallarni tayyorlash va taqdim etish kabi xizmatlar amalga oshiriladi.

Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha vakolatli organ Davlat ekologiya qo‘mitasi hisoblanib, qo‘mita tomonidan ushbu korxonalarning faoliyati tizimli ravishda muvofiqlashtirib borilmoqda. Ayniqsa, oxirgi bir yil ichida ayni shu yo‘nalishda zamon talabidan kelib chiqib samarali ishlar tashkil qilinmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi “Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 541-son qarori ijrosidan kelib chiqib, 2020 yilning 1 oktyabridan Qo‘mitaning eco-service.uz veb-sayti orqali davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish raqamlashtirilib, elektron hujjat almashinuvining yagona tizimi ishga tushirildi. Mazkur yagona tizimga hududiy davlat ekologik ekspertizasi markazlari integratsiya qilinib, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub, ya’ni mahalliy ta’sir ko‘rsatadigan faoliyat turlari bo‘yicha elektron anketa shaklida arizani to‘ldirish dasturiy yechimlar amalga oshirildi. Buning natijasida buyurtmachilarga shaxsiy kabinetida tegishli yo‘riqnomaga amal qilib, oson, qiyinchiliksiz davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun arizani yuborishiga barcha dasturiy qulayliklar yaratildi.

Ushbu tizim ishga tushgandan so‘ng ariza va atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini yozma ravishda qabul qilish to‘liq to‘xtatilib, barcha ishlar elektron ko‘rinishda amalga oshirilmoqda. Mazkur yangilik buyurtmachilarga vaqt, masofa kabi qator masalalarda qulaylik yaratish bilan birga inson omilining aralashuvini ham chekladi, ya’ni shaffoflik ta’minlanib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korruptsion holatlarning oldi olinmoqda.

Yana bir muhim yangilik shundaki, Vazirlar Mahkamasining yuqorida aytib o‘tilgan qarori bilan 2020 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 1 dekabrdan I va II toifalarga mansub ob’ektlar faoliyatini atrof muhitga ta’sirini baholashda jamoatchilikning majburiy ishtirokini ta’minlash tizimi joriy etildi.

Shuningdek, qaror ilovasi bilan faoliyatini atrof muhitga ta’sirini baholash jarayonida jamoatchilik eshituvini o‘tkazishning aniq mexanizmlari tasdiqlandi.

Qarorga asosan davlat ekologik ekspertizasi bo‘yicha xulosalar bajarilishi monitoringini olib borish reja-grafigi ishlab chiqildi. Shuningdek, loyiha materiallarini ishlab chiquvchi korxonalarining yagona elektron bazasini yuritish hamda ularning baholash (reyting) tizimini joriy etish yo‘lga qo‘yildi.

Xalqaro darajadagi ekspertlar bilan xorijiy tajriba asosida atrof-muhitni baholash tizimini halqaro talablarga muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga ko‘ra ikkita yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu qonunlarning amaliyotga tadbiq etilishi natijada mamlakatimzning investitsion jozibadorligini oshirish, xorijiy investor va xalqaro moliya institutlariga tushinarli bo‘lgan ekologik ekspertizasi tizimini joriy etish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining asoslanmagan behuda xarajatlarini oldini olish imkoni yaratiladi.

Davlat soliq qo‘mitasining bazasiga muvofiq respublika hududida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar 352,7 mingtani takshil etib, shundan davlat ekologik ekspertizasiga jalb qilingan korxonalar soni 78,5 mingtani tashkil etmoqda.

Respublika bo‘yicha 2018 yildan 2021 yilning birinchi yarim yillik yakuniga qadar jami I-IV toifalarga mansub bo‘lgan korxona va tashkilotlarning 85,0 mingta atrof muhitga ta’sir ko‘rsatish to‘g‘risidagi materiallar bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosalari berilgan hamda ekologik me’yorlar o‘rnatilgan.

2021 yilning I yarim yillik holatiga atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I, II toifalariga mansub faoliyat turlari bo‘yicha jami  1 032 ta loyihalar davlat ekologik ekspertizasi ekspertlari tomonidan ko‘rib chiqilib, 794 ta loyihani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ijobiy xulosa berildi, 224 ta loyihalar qayta ishlash uchun yuborildi, 14 ta loyihani ro‘yobga chiqarish rad etildi.

Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy ekologik ekspertiza markazlari tomonidan esa III va IV toifalariga mansub jami 10 060 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlariga davlat ekologik ekspertizasi xulosalari taqdim qilingan, shundan 9 440 tasiga ijobiy, 613 ta loyiha qayta ishlash uchun yuborildi. 7 ta loyihani ro‘yobga chiqarish rad etildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish kerakki, Qo‘mita tomonidan ekologik ekspertiza sohasidagi nazorat suslashtirib yuborilgani yo‘q, balki amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda va tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Kattaqo‘rg‘ondagi teri mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi bilan bog‘liq masalaga to‘xtaydigan bo‘lsak, ayni kunda ushbu holat ham to‘liq Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu korxonaga davlat ekologik ekspertizasining xulosasi berilmagan. Korxona faoliyati atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub (yuqori darajada xavfli) bo‘lishiga qaramasdan bu yerda ishlar boshlanganidan so‘ng ekologik ekspertiza xulosasini olish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasiga murojaat qilgan.

Ushbu murojaatga asosan Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar inspektsiya xodimlari tomonidan murojaatda keltirilgan holatlar joyiga chiqib o‘rganilganda umuman amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq emasligi ma’lum bo‘ldi. Masalan, “Kattakurgan Charm” MChJ tomonidan Kattaqo‘rg‘on shahrida rejalashtirilayotgan qoramol teri xom ashyosidan “WETBLUE” (charm) mahsulotini ishlab chiqarish korxonasi aholi turar xonadonlari bilan quyidagicha chegaralanadi: shimoldan – 50 metr; janubdan – 200 metr; sharqdan – 15 metr. Mahsulotni ishlab chiqarish binosidan hisoblanganda: shimoldan – 250 metr; janubdan – 300 metr; g‘arbdan – 100 metr; sharqdan 70 metrni tashkil etadi.

Ushbu masofa “O‘zbekiston Respublikasi aholi yashash joylaridagi atmosfera havosini himoya qilishning sanitariya me’yor va qoidalari” (13.11.2017 yil SanPINRUz 0350-17-son)da belgilangan talablariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Mazkur hujjat (6.1.7. bob, III daraja, 2-band)ga asosan sanitariya muhofaza zonalari hayvon mahsulotlarini qayta ishlab chiqarish faoliyati uchun 300 metr qilib belgilangan.

Ayni shu kabi holatlar e’tiborga olinib, “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” DUK tomonidan 2021 yil 2 iyuldagi 01/10-06-91-son xat bilan “Kattakurgan Charm” MChJga rejalashtirilayotgan faoliyat turini amalga oshirish uchun muqobil joy tanlashi maqsadga muvofiqligi bo‘yicha yozma tarzda javob berilgan.

Shuningdek, rejalashtirilayotgan faoliyat turi uchun muqobil joy tanlanganidan so‘ng atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risidagi loyihadagi rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan tartib-qoidalarga rioya etilishi yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Xususan:

O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi va sanitariya qoidalari hamda me’yorlaridan kelib chiqib, ob’ekt atrofida sanitariya-muhofaza zonasini tashkil qilish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 30 oktyabrdagi Farmoniga binoan asosiy (tashkillashtirilgan) turg‘un manbalardan chiquvchi tashlanma miqdorini tahlil qiluvchi avtomatik tizimlar bilan jihozlash;

Ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish uchun ixtisoslashtirilgan korxonalarga, oqova suvlarni tuman oqova suv tozalash tashkilotlariga topshirish yuzasidan tegishli shartnomalarni tuzish;

Ob’ekt hududida hosil bo‘ladigan yomg‘ir va qor suvlarini sug‘orish ariqlari tarmog‘iga tashlashdan oldin ularni muallaq moddalardan tozalash choralarini ko‘rish;

Suvdan samarali foydalanish va kimyoviy moddalar iste’molini kamaytirish maqsadida xrom tarkibli oqova suvlarni alohida tozalash va texnologik jarayonda qayta foydalanish uchun rekuperatorni o‘rnatish;

O‘zbekiston Respublikasi hududida 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrigacha davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan qimmatbaho daraxt va buta turlarining kesilishiga qarshi moratoriy joriy etilganligini inobatga olgan holda o‘z faoliyatini amalga oshirish;

Loyihalashtirishning keyingi bosqichida yuqoridagi tadbirlarning korxona tomonidan bajarilishi yuzasidan hududiy ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektsiyasining yozma tasdig‘i va korxona tomonidan atrof-muhitni ifloslantiruvchi manbalarni ustidan monitoring o‘tkazish dasturi taqdim etilishi shartligi ko‘rsatildi.

Shuningdek, rejalashtirilgan birinchi bosqich loyiha materiallarini ishlab chiqishda korxonaning joylashish xaritasi (situatsionnaya karta) tegishli hududiy Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi rahbari hamda inspektsiyasi tomonidan tasdiqlab berilishi lozimligi ham belgilandi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources