«Ekolog ham odammi?» sarlavhasi ostidagi bildirilgan murojaat yuzasidan munosabat
24.
07. 2021
12:30
5305
News

Davlat ekologiya qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda “Ekolog ham odammi?” sarlavhasi ostidagi bildirilgan murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Qo‘mita tizimi xodimlariga oylik maoshlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari mehnatiga haq to‘lashning tarif setkasini joriy etish to‘g‘risida” 1996 yil 12 apreldagi 147-son qaroriga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari va notarial idoralar xodimlari uchun mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq hisoblanadi.

Ya’ni murojaatda bayon etilgandek “3-3,5 mln so‘m byudjetdan doimiy maosh tayin qilish” Davlat ekologiya qo‘mitasining vakolat doirasiga kirmaydi.

Ta’kidlash joizki, xodimlarining oylik maoshlaridan tashqari ularga Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2020 yil iyun oyidan boshlab har oyda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari xodimlariga yo‘lkira va ovqatlanish uchun – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda har oylik kompensatsiya to‘lovlari uzluksiz to‘lanmoqda.

Shu bilan birga yuqorida bayon etilgan Vazirlar Mahkamasi qarori 4-bandi 2-xatboshiga asosan o‘z vazifalarini vijdonan, shuningdek alohida muhim va mas’uliyatli ishlarni bajarayotgan xodimlarni, shu maqsadlarga ikki oylik mehnat haqi fondi miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirgan holda mukofotlash belgilangangan bo‘lib, hududiy boshqarmalarning yillik tasdiqlangan byudjet smeta harajatlarida rejalashtirilgan bo‘lib, har chorak yakunlari bo‘yicha 0,5 oklad miqdorida to‘lovlar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Byudjet tashkilotlarini mablag‘ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 1999 yil 3 sentyabrdagi 414-son qaroriga muvofiq hududiy boshqarmalarda byudjetdan tashqari Rivojlantirish jamg‘armasi mavjud bo‘lib, hududiy boshqarmalar rahbarlari bayram kunlarida — O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni, Konstitutsiya kuni, 8-mart kuni, Navro‘z, Yangi yil, diniy bayramlarda («Ro‘za hayit» (Iyd-al-Fitr) va «Qurbon hayit» (Iyd-al-Adha) xodimlarni moddiy rag‘batlantirishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 2017 yil 15 iyundagi 375-son qaroriga muvofiq tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonun hujjatlari buzilishini (hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanish bilan bog‘liq aniqlangan qonun buzilishlari bundan mustasno) aniqlagan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlari va boshqa shaxslar yuridik hamda jismoniy shaxslardan Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga undiriladigan jarima va pul mablag‘lari summasidan qonunchilikda belgilangan miqdorda mukofotlanadi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021 yillarga byudjet mo‘ljallari to‘g‘risida” 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 34-bandi b-qismiga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari mos ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetidan moliyalashtiriladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources