Iqtisodiyot tarmoqlarining jadal taraqqiyoti davrida ekologik omillarni inobatga olishning dolzarb jihatlari xususida
Har bir xalq ertangi kunini yanada porloq ko‘rish, farovon turmush uchun munosib sharoit yaratishga intiladi. Kelajak avlod oldidagi ulkan mas’uliyat esa bu boradagi intilishlarning ustuvor yo‘nalishlarini tabiiy talab tarzida kun tartibiga qo‘yadi.
Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va bugun ijobiy natijasi yaqqol ko‘rinayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bosqichma-bosqich, tadrijiylik tamoyiliga qat’iy rioya etgan holda amalga oshirilayotgani ana shu hayotiy haqiqatning yorqin dalilidir. Buni nufuzli ekspertlar ham e’tirof etadi. Ularning fikricha, yangi O‘zbekistondagi yangi islohotlar tom ma’noda izchillik va uyg‘unlik poydevoriga qurilgan.
Hududlarni kompleks rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani nazarda tutilayotgan uyg‘unlikning dastlabki omili bo‘lsa, har qanday holatda atrof-muhitga zarar keltirmaslik sharti mavjudligi, ekologlar xulosalari bilan hisoblashish qonuniy majburiyat ekani ushbu tamoyilning yanada muhim jihatidir. Boshqacha aytganda, endilikda O‘zbekiston gigant sanoat korxonalari faoliyatida ham, misli ko‘rilmagan qurilish lar jarayonida ham ekologik omillar doimiy ravishda inobatga olinadigan mamlakatlar qatoriga qo‘shildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatida ham ekologiya sohasidagi islohotlar izchilligi mujassamdir.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekis ton Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari 2021 yil 15 iyuldan boshlab kuchga kiradi.
Ta’kidlash joizki, suv ob’ektlari, joy relefi va kommunal-kanalizatsiya tarmoqlariga ifloslantiruvchi moddalarni tashlaganlik, chiqindilar joylashtirish uchun belgilangan kompensatsiyaning bazaviy stavkalari avvalgi ko‘rsatkichlardan deyarli o‘zgarishsiz qoldirildi. Asosiy o‘zgarishlar atmosfera havosini ifloslantirishning oldini olishga qaratilgani bilan dolzarbdir. Chunki xalqaro miqyosdagi tahlilchilarning o‘rganishlariga ko‘ra, hozir dunyoda har o‘n kishidan to‘qqiz nafari muayyan darajada ifloslangan havodan nafas olmoqda. Ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillarning ko‘payishi bilan atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori ham oshayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan qariyb uch millionga yaqin avtomototransport vositasi toza havoga ziyon yetkazuvchi ko‘chma ifloslantiruvchi manba ekanini unutmaslik joiz. Shuning uchun ham hukumat qarori bilan atmosferaga tashlanmalar uchun to‘lov miqdori sezilarli ravishda oshirildi. Asosiy maqsad sanoat korxonalarini ilg‘or filtrlash tizimiga o‘tishga undashdan iborat.
Amalda bo‘lgan tartib va endigi talabning ahamiyatli farqini bitta yirik korxona misolida tushuntirish o‘rinlidir. Masalan, oldin belgilangan bazaviy tarif bo‘yicha tog‘-metallurgiya tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan kombinatlardan birining yillik kompensatsiya to‘lovi o‘rtacha 313 million so‘mni tashkil qilardi. Yangi stavkalar bo‘ yicha hisoblanganda esa bu ko‘rsatkich 1 milliard 74 million so‘mga yetishi kutilmoqda.
Atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarni imkon darajasida ko‘proq ushlab qoluvchi innovatsion uskunalar narxi esa bu miqdordan ancha kam. Ishlab chiqarish sohasida iqtisodiy jihatdan foyda va ziyonning tafovutini yaxshi anglaydigan mutasaddilar, zamonaviy boshqaruv menejerlari kompensatsiya to‘lagandan ko‘ra, chang-gazlarni tozalash uskunalarini o‘rnatish afzalligini yaxshi tushunadi. Yana bir e’tiborli jihati, kompensatsiya to‘lovi har yili amalga oshirilishi bo‘lsa, tozalovchi uskunadan sifatiga qarab 2 yildan 5 yilgacha bemalol foydalanish mumkin. Qarabsizki, tejalgan mablag‘ ham shu proportsiyada ko‘payadi.
Undan ham muhimi, korxona ifloslantiruvchi moddalar miqdorini kamaytirish orqali atrof-muhit tozaligi, xususan, inson salomatligini yaxshilashga, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab qolishga ko‘maklashadi.
Yangi qaror me’yorlariga asosan amalga oshiriladigan vazifalar orqali qachon va qanday natijaga erishiladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, belgilangan chora-tadbirlarni vaqtida sifatli bajarish orqali 2030 yilgacha atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi 10 foiz kamayishiga erishiladi.
Oddiy savol tug‘iladi: sanoat korxonalari ham, uzoqni yaqin qiladigan ulovlar ham barchamizga zarur davrda atmosfera havosi ifloslanishini pasaytirish uchun yana nimalar qilish mumkin? Bu borada eng samarali tadbir ko‘kalamzorlashtirish miqyosini yanada kengaytirish, avtomobil yo‘llari chetida, sanoat zonalari va yirik shaharlar atrofida tabiiy filtrlar — “yashil maydon”lar barpo etishni jadallashtirishdir.
Prezidentimizning ayni paytda atroflicha muhokamadan o‘tayotgan “Shahar va aholi punktlari atroflarida “yashil maydon”larni kengaytirish, ularning tabiiy-rekreatsion va iqtisodiy salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori lo yihasi ana shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va manfaatdor vazirliklar tomonidan kiritilgan mazkur hujjat qabul qilinishi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “yashil maydon”lar tashkil etishga kirishiladi. Shaharlar va boshqa aholi punktlari, xiyobonlar, avtomobil va temir yo‘llar chetlari, ijtimoiy ob’ektlar, tashkilotlar hududini yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish ko‘lamini oshirish tartibi takomillashtiriladi.
Qaror loyihasiga muvofiq, o‘z majburiyatlari yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslar kompensatsiya tarzida daraxtlarni “yashil maydon”larga o‘zlari yoki shartnoma asosida uchinchi shaxslarni jalb qilgan holda o‘tqazadi. “Yashil maydon”larga ekiladigan daraxtlar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi balansida bo‘lishi, muayyan muddat o‘tgandan so‘ng o‘rnatilgan tartibda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga berilishi rejalashtirilgan. Alohida e’tiborga molik jihati shundaki, “yashil maydon”larni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish har yili tasdiqlanadigan davlat dasturi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilyapti.
Iqtisodiyot tarmoqlarining jadal taraqqiyoti davrida ishlab chiqarish sohalariga ekologik toza, energiya va resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, transport tizimida havoni ifloslantirmaydigan sifatli yoqilg‘ilardan foydalanishga o‘tish ham atmosferani asrashning muhim omillaridandir.
Atrof-muhitning bugungi kundagi holati, mavjud global tahdidlar va mintaqaviy ekologik muammolarga oqilona yechim topishda yangicha yondashuvni talab etmoqda. Chunonchi, BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan davr uchun Barqaror rivojlanish maqsadlarini samarali amalga oshirishda iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy taraqqiyot va atrof-muhit muhofazasi omillari muhim o‘rin tutadi.
BMTning Biologik xilma-xillikni saqlash konventsiyasi talablarini bajarish, noyob, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi flora va fauna turlarini saqlash choralarini ko‘rish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, unda flora va fauna turlarini asrashni barqarorlashtirish, biologik xilma-xillikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ladigan (ta’sirlar) yuklamalarni kamaytirish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, ekotizim xizmatlarini ta’minlagan holda foyda miqdorini oshirish va boshqalar ko‘zda tutilgan.
Mazkur strategiya doirasida Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan, umumiy maydoni 1,4 million gektar bo‘lgan Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i tashkil qilinib, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni hozirga kelib 2017 yildagi 4,64 foizdan 7,8 foizga ortdi. Ta’kidlash joizki, 2021 yil fevral oyida Sudoche-Akpetki davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilishi bilan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni respublika hududining 8,5 foiziga yetdi. O‘z navbatida, Saygachiy majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi va yangi tashkil etilgan Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘ini Jahon tabiiy meros ro‘yxatiga kiritish uchun ishlar olib borilmoqda.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirish hisobiga noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simlik dunyosi ob’ektlarining 97 foizini va umurtqali hayvon turlarining 94 foizini muhofaza qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, To‘dako‘l va Quyimozor suv omborlari xalqaro ahamiyatga ega uchinchi suv-botqoqlik hududi sifatida Ramsar konventsiyasining ro‘yxatiga kiritildi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning hududlarida ekoturizmni rivojlantirish tadbirini bajarish doirasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Tadqiqotchi-olimlar hisob-kitobicha, tabiiy sharoitda daraxtlar 400 yilgacha yashasa, yirik shaharlar xiyobonlarida bu ko‘rsatkich 120 yilga tushib qoladi. Sanoat zonalari va katta yo‘llar atrofida esa daraxtlar 50 yildan ko‘p yashamaydi. Boisi, o‘sha hududdagi zaharli moddalarni o‘ziga yutib, atmosferaga toza havo chiqaradi — manfaatlar muvozanatini ta’minlaydi. O‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilishiga ayni prizma orqali qarash asl haqiqatni anglashga ko‘maklashadi.
Bugun har bir soha islohot talab qilmoqda. Shunday ekan, maqolamiz avvalida aytganimiz, yurtimiz kelajagi, farovon hayotimiz ta’minoti yo‘lidagi har bir ezgu tashabbus qadrli va g‘oyat dolzarb. Shu ma’noda, mamlakatimizda sof ekologik muhitni asrab-avaylashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar har birimizni ogohlikka chorlashi bilan birga kelajak avlodlar oldidagi burchimizni anglashga undashi bilan ham ahamiyatlidir.
Alisher MAQSUDOV,
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza
qilish davlat qo‘mitasi raisi
Manba: Yangi O‘zbekiston № 95 (351), 2021 yil 11 may (1-bet)