Tabiiy hududlarni muhofaza qilish yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
13.
10. 2020
01:32
10032
News

O‘zbekiston tabiatining biologik va landshaftlar xilma-xilligi milliy boyligimizning ajralmas qismi bo‘lib, zimmamizda bu merosni avlodlarga xilma-xil va barqaror tizim ko‘rinishida qoldirishdek ulkan va mas’uliyatli vazifa turibdi. 

Aytish kerakki, ona diyorimiz tabiati o‘rmonlari, yaylovlari, suv havzalari, to‘qayzorlari, cho‘llari, dehqonchilik qilinadigan yer maydonlari — agrotsenozlari, aholi yashaydigan qishloq va shahar ekotizimlari bilan o‘ziga xos bo‘lib, ular o‘simlik hamda hayvonot dunyosi bilan ajralib turadi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar esa noyob, kamsonli, yo‘qolib ketish arafasida turgan tirik organizmlar va ularning yashash muhitini saqlab qolishda alohida ahamiyatga ega.

Ona tabiatimizga bo‘layotgan ayrim nojo‘ya munosabatlar ertangi kun taqdirini o‘ylagan har qanday insonni befarq qoldirmaydi. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni anglagan holda milliy bog‘lar, qo‘riqxonalar, buyurtmaxonalar kabi milliy boyliklarimizni asrab-avaylash barchamizning muhim vazifamizdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 7 ta qo‘riqxona (ularning umumiy maydoni 186,335 ga), 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi (maydoni 628 300 ga), 2 ta biosfera rezervati (umumiy maydoni 111 670 ga), 4 ta milliy tabiat bog‘lari (umumiy maydoni 555 154,5 ga), 1 ta «Do‘rmon» milliy bog‘i (32,4 ga), 11 ta tabiat yodgorligi (umumiy maydoni 3 803,1 ga), 12 ta buyurtma qo‘riqxona (umumiy maydoni 572,404 ga), 1 ta Buxoro ixtisoslashtirilgan «Jayron» pitomnigi (umumiy maydoni 16 522 ga), o‘rmon xo‘jaliklari va o‘rmon ov xo‘jaliklari (umumiy maydoni 11,5 mln. ga) mavjud. 

Bio xilma-xillikni barqaror saqlashni ta’minlaydigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH)larning umumiy maydoni (VI-toifadan tashqari) 13,5 mln. gektarni tashkil etadi. Biosfera rezervatlari va I-V toifadagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni o‘z ichiga olgan hududlar maydoni 2,074 mln. ga yoki respublika umumiy maydonining 4,6% ni tashkil etadi. Shu bilan birga, davlat qo‘riqxonalari va tabiat bog‘larining umumiy maydoni 741 489,5 ga ni tashkil etadi yoki respublika hududining 1,65% foiziga teng.

Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimizda bioxilma-xillikni asrashga qaratilgan qonunchilik bazasi yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi, «O‘rmon to‘g‘risida»gi Qonunlari shular jumlasidandir. 

Shuningdek, O‘zbekiston Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konventsiya (1995), Asosan suvda suzuvchi qushlarning yashash joyi sifatida xalqaro ahamiyatga molik suv-botqoq maydonlari to‘g‘risidagi Konventsiya (Ramsar konventsiyasi, 2001), Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konventsiya (Bonn konventsiyasi, 1998) singari bioxilma-xillikni saqlashga oid eng muhim xalqaro konventsiyalarga ham a’zo bo‘lgan.

Albatta, yurtimizda bunday qonunchilik bazasining shakllangani va bu yo‘nalishda qator amaliy ishlarning amalga oshirilayotgani quvonarli hol. Ammo, shu bilan birga boy tabiiy meros va umumbashariy qadriyatlar, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika yutuqlariga asoslangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning to‘liq reprezantativ tizimini yaratish O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida muhim shartlardan biri hisoblanadi.

Ayni bu kabi jihatlar va qolaversa, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar biologik xilma-xillikning saqlanishiga asos ekanini e’tiborga olinib, bu borada ma’lum amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining «2021-2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish va kengaytirish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, shu yilning 4-19 avgust kunlari davomida regulation.gov.uz portaliga muhokama uchun joylashtirildi.

Mazkur loyihadagi hujjatga ko‘ra, endilikda «2021-2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish va kengaytirish dasturi»;

«2021-2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarini rivojlantirish Yo‘l xaritasi»; «2021-2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarini qayta tashkil etish, kengaytirish va yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish bo‘yicha Yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.

Ushbu loyiha hujjat bilan qator tashkilot va muassasalarga aniq vazifalar ham belgilab berish ko‘zda tutilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Yo‘l xaritalarida keltirilgan tadbirlarning mas’ul ijrochilar tomonidan amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borishni ta’minlaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar davlat qo‘riqxonalarida flora va faunani o‘rganish bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-tadqiqot ishlarining istiqbolli rejasini, Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar «2021-2025 yillarda davlat qo‘riqxonalaridagi etalon ekotizimlarda tabiat jaarayonlarining tabiiy kechishi monitoringi Dasturi»ni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimliklari esa tegishliligi bo‘yicha yangi tashkil etiladigan va mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish maqsadida yer uchastkalarning ajratilishini va o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazib, davlat kadastriga kiritilishini ta’minlaydi.

Hujjat loyihasida qayd qilinganidek, mazkur dasturda berilgan vazifalarning kompleks hal etilishi mintaqaning ekologik barqarorligi va yaxlitligiga erishish hamda mamlakat biologik xilma-xilligining uzoq muddatgyali saqlanishini ta’minlab beradi.

Sardor ABDULLAEV,
«Davlat ekologik ekspertizasi markazi»
bosh mutaxassisi

Manba: http://uza.uz/oz/society/tabiiy-ududlarni-....

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources