O‘zA - Turkiya televideniesida Zomin haqida ko‘rsatuv berildi
27.
09. 2020
23:10
5501
News

Bugun Turkiyaning «TRT Avaz» telekanali ijodkorlari O‘zbekistonning eng so‘lim go‘shalaridan biri Jizzax viloyatining Zomin tumani haqida lavhani efirga uzatdi.

Bundan avvalroq Turkiyaning «TRT Avaz» telekanali hamda «Anadolu» axborot agentligi ijodkorlari Zomin tumanida bo‘lib, ushbu ko‘rsatuvni tayyorlab ketishgandi.

«Anadolu» axborot agentligi bir asrlik tarixga ega dunyoning nufuzli axborot magnatlaridan bo‘lsa, «TRT Avaz» telekanali ko‘rsatuvlari 140 mamlakatda efirga uzatiladi. Shu bois ular tomonidan Zomin haqidagi ko‘rsatuv ham yuksak mahorat bilan tayyorlangan.

Ko‘rsatuv ijodkorlari Zominning go‘zal tabiati, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi butun jozibasini, go‘zalligini keng va qiziqarli qilib ko‘rsatib berishdi. Manzaralar namoyishi davomida mamlakatimiz hukumati tomonidan Zomin tabiatni himoya qilishda, turizmni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maroqli xikoya qilindi.

Hududda noyob archazor mavjud. Bu yerda 1216 o‘simliklar turi uchrab, ularning 21 turi O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan. «Zomin» qo‘riqxonasida shifobaxsh o‘simliklarning 20 turdan ortig‘i o‘sadi. Sudralib yuruvchilarning 14 turi, qushlarning 102 turi va sut emizuvchilarning 30 turi uchraydi. Qo‘ng‘ir ayiq va Turkiston silovsini Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining «Qizil Kitobi»ga kiritilgan.

Zomin tabiatining manzaralarini namoyish etish davomida bu yerda turizmni rivojlantirishda, sog‘lomlashtirish maskanlari barpo etishda amalga oshirilgan ishlar haqida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislarning fikr-mulohazalari ham berilgangani ko‘rsatuvning yanada mazmunli chiqishini ta’minlagan.

Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/turkiya-televideniesida-zomin-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources