Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi Konsultativ kengashi yig‘ilishi
11.
03. 2021
17:02
544
News

2021 yil 11 mart kuni Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi (DBRK) Konsultativ kengashining birinchi onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi Orol dengizi havzasi muammolari bo‘yicha davlatlararo kengash qarori bilan 1994 yil 19 iyulda tashkil etilgan. Komissiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni muvofiqlashtiradi va boshqaradi.

Yig‘ilishning maqsadi – Konsultativ kengash a’zolarini Komissiyaning faoliyati bilan tanishtirish, Mintaqaviy dastur doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqtisodiy rivojlanish masalalarida hamkorlikni mustahkamlashdir.

Konsultativ  kengashi yig‘ilishi

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi Ilmiy-axborot markazining O‘zbekistondagi filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirda DBRK a’zo mamlakatlarining atrof-muhit muhofaza qilish va iqtisodiyot vazirliklari, BMTning Atrof muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, BMTning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat dasturi (FAO), AQSH xalqaro rivojlanish agentligi vakillari ishtirok etdilar. 

Barqaror rivojlanish g‘oyasi jamiyatimiz hayotida faol tatbiq etilib, insoniyat, jamiyat va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlikka erishishga yo‘naltirilgan.

2019 yil oktyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida yuqori darajadagi «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» xalqaro konferentsiyasi doirasida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasining (DBRK) yig‘ilishida Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasiga raislik qilish  Turkmanistondan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi. 

Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi raisi, Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Alisher Maksudov o‘z ma’ruzasida barcha yig‘ilish qatnashchilarini Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish uchun atrof-muhitni muhofaza qilish Mintaqaviy dasturida ko‘rsatilgan tashabbuslarni amalga oshirishda birgalikda faol ishtirok etishga chorladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. 

Bugungi Orol dengizi qurishi sayyoradagi eng dolzarb ekologik falokatlardan biri sifatida qayd etilmoqda. O‘z navbatida, bu Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bir qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar muammolarni keltirib chiqardi.

Orol dengizining falokati global muammoga aylangan va bu masala dunyodagi xalqaro tashkilotlar, siyosatchilar, olimlar va ekspertlarning diqqat-e’tiborini talab qilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyalarida so‘zlagan nutqida Orol dengizining ekologik falokatiga alohida e’tibor qaratdi. Negaki, uning oqibatlarini bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirish bilan bog‘liqdir.

Kun tartibida bir qator masalalarni ko‘rib chiqish, jumladan, Konsultativ kengashining faoliyati,  DBRK ning atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda BMTning Atrof muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Germaniya xalqaro hamkorlik agentligi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, BMTning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat dasturi (FAO), AQSH xalqaro rivojlanish agentligi bilan hamkorlik qilish  kabi masalalar muhokama qilindi.

Navbatdagi yig‘ilish joriy yilning ikkinchi yarim yilligida Toshkent shaxrida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Konsultativ  kengashi yig‘ilishi

Konsultativ  kengashi yig‘ilishi

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 

 


 

Useful resources