Hodisalar

Ro'yxatdan o'gan foydalanuvchilar: 2 ta

Mexmonlar: 7 ta

 

Yagona telefon raqamlari:  

+99871 236-26-66

Tartib ko’chirish

Мы в социальных сетях:

Facebook Twitter Telegram


Bosh sahifa > Yangiliklar > TURON YO‘LBARSI TIKLANADIMI?

TURON YO‘LBARSI TIKLANADIMI?

O‘tgan asrning 60-yillarida Amudaryo to‘qayzorlarida so‘nggi O‘rta Osiyo yirtqichi – Turon yo‘lbarsi otib o‘ldirilgan edi. Insonlarning to‘qayzorlarni ayovsiz kesishi, ko‘ngillarni chog‘ qilish uchun ovlashlar natijasida bu makonda istiqomat qilgan ko‘plab qush va jonivorlar mahv bo‘ldi. Bugungi kunda dunyo olimlari Turon yo‘lbarsini tiklash ustida ish olib borishmoqda.

Ilmiy risolalarda Turon yo‘lbarsi, shuningdek Kaspiy yo‘lbarsi, ba’zida Fors yo‘lbarsi ham deb keltiriladi. Uning tarqalish va yashash areali Turonzamin, ya’ni O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmanistonni o‘z ichiga olgan ulkan hududni, bundan tashqari, Afg‘oniston va Kavkaz sarhadlarini tashkil etgan bo‘lib, Ozarbayjonning subtropik o‘rmonlarida ham uchragan. O‘tmishda Markaziy Osiyodagi Sirdaryo, Amudaryo, Murg‘ob hamda Panj daryolari yaqinidagi qalin to‘qayzorlar, shuningdek Kaspiy dengizi bo‘ylarida ham bu mag‘rur yirtqichni tez-tez uchratish mumkin edi. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Markaziy Osiyoni istilo qilgan Chor Rossiyasi qo‘shinlari Turon yo‘lbarsi hayotining so‘nggi chizig‘ini chizib berdi. 1883-yilning 27-fevralida Turkiston harbiy okrugi boshlig‘i Toshkent va Chinoz o‘rtasida yashaydigan yo‘lbarslarni yo‘q qilishga buyruq beradi. Ov uchun 12 ta Turkiston bataloni jalb etiladi. Toshkent yaqinidagi so‘nggi yo‘lbarsni 1906-yilda knyaz Golitsin otib o‘ldiradi. Jonivorning somon tiqilgan terisi XX asrning 60-yillarigacha Davlat tabiat muzeyida saqlangan. So‘ng u yong‘inda yo‘q bo‘lib ketgan.

Turon yo‘lbarsi mushuksimonlar oilasiga kiruvchi, vazni 200 kg. bo‘lgan yirik yirtqich hayvondir. Har bir yo‘lbars oilasi o‘z yer maydoniga ega bo‘lib, o‘rtacha 8-10 kv.km.ga xo‘jayinlik qilgan. Hid bilish organi kuchli rivojlangan, juda yaxshi eshitgan. Ko‘zi qorong‘ida ham yaxshi ko‘rgan. Yo‘lbarslar yangi o‘ldirilgan hayvon go‘shtini xush ko‘radi. Qochayotgan hayvonni 80-100 metrga katta tezlikda quvib boradi, tutolmasa uzoq quvib o‘tirmaydi.

Ov baroridan kelsa erkagi bir yo‘la 5-6 kg.gacha go‘sht yeydi. Qorni to‘q bo‘lsa 4-5 kun ovga chiqmaydi, ag‘anab uyasida uxlashni yaxshi ko‘rgan. Bir kecha-kunduzda 18-20 soat uxlab, asosan suv ichish uchun joyidan qo‘zg‘algan. Yo‘lbars tanasi himoya rangiga ega, mo‘ynasi sarg‘ish, qora-ko‘kimtir yo‘l-yo‘l chiziqli, u to‘qay-qamishzorlarda dushman payqashini qiyinlashtiradi.

Ozuqa yetarli bo‘lmasa yo‘lbars har yili bolalamaydi. Yetarli sharoit bo‘lsa mart-aprel oylarida ikkitadan to‘rttagacha bolalaydi. Bolalari 1,5-2 yil onasi himoyasida bo‘ladi, keyin mustaqil yashash uchun o‘ziga makon axtarib ketadi.

Yo‘lbars 6-7 metr uzunlikka, 3 metr balandlikka qiynalmay sakraydi. Ayniqsa, ov paytida shiddat bilan harakat qiladi. Oldingi oyoqlari juda kuchli, bir zarbada otning belini sindiradi, suvda yaxshi suzadi.

Turon yo‘lbarsi boshqa turlarga nisbatan ayyorligi bilan ajralib turgan. Ov qilish uchun uzoq vaqt ta’qib qilinganida, ovchilarni chalg‘itib, ularning orqa tomoniga o‘tib, qo‘qqisdan tashlangan.

Xalqona qarashlarda yo‘lbars – kuch-qudrat va ishonch ramzi. Shu sababli, odamlar yashaydigan manzillar yaqinida ham bu jonivorlarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Dunyo ekolog va tabiatshunoslari bu turning butkul yo‘qolib ketishi u yashaydigan hududlar ekotizimiga katta salbiy ta’sir o‘tkazayotganini aniqlashdi. Ayrim jonivorlar keskin ko‘payib, boshqalarining esa aksincha – sezilarli darajada kamayib ketishi ekomuhit muvozanatini buzmay qolmaydi, albatta. Xuddi shu omil Turon yo‘lbarsining tabiiy populyatsiyasini qayta tiklash uchun turtki bo‘ldi. Butunjahon Yovvoyi tabiat jamg‘armasi tashabbusi bilan Turon yo‘lbarsi populyatsiyasini tiklash, bu noyob jonivorni asrab-avaylab ko‘paytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. 2014-yilda mazkur turni tiklash ishlari boshlandi. Buning uchun Qozog‘iston hududi tanlanib, 15 yilga mo‘ljallangan loyiha ishlab chiqildi. Mutaxassislar tomonidan turni qayta tiklash va uning yashab ketishi uchun zarur sharoitlar yaratishga kirishildi. Ma’lum bo‘lishicha, Turon yo‘lbarsiga tur bo‘yicha eng yaqin sanalgan mushuksimon jonivor Ossuriya (Amur) yo‘lbarsi bo‘lib, Eron va boshqa hududlarda yashaydigan bu turga mansub bo‘lgan jonivorlar oilalarini Qozog‘istonga ko‘chirishga qaror qilindi. Mutaxassislarning e’tiroficha, eng mushkul yumush – yo‘lbars yashab-ko‘payishi uchun talab qilinadigan ekotizimni shakllantirishdir. Bunday ekotizim Ili daryosi deltasi hamda Balxash ko‘li janubiy qirg‘og‘ida yaratilishi rejalashtirilgan. Bu yerda ulkan – 437 ming gektarlik bog‘-qo‘riqxona yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bog‘dagi tabiiy sharoit yo‘lbarslarning yashashi uchun qulaylik tug‘dirishi, ya’ni eng muhimi – ov qilishi uchun kiyik, to‘ng‘iz, sayg‘oq, kemiruvchilar sinfi vakillari, qushlar va yo‘lbarslar oziqlanadigan zaytun singari o‘simliklar bo‘lishi talab etiladi. Mutaxassislar «yo‘lbars makoni» shu hududda yashovchi aholiga xalal bermasligi, aksincha, odamlarning yaxshiroq yashashlariga ko‘maklashishini ta’kidlashmoqda.

 

Nargis QOSIMOVA


2017-07-06

Fotogalereya

ntesting mood

Hududiy qo'mitalari

Infografika