Daryodan tosh-shag‘al olish ishlari tabiatga ziyon yetkazyapti
09.
09. 2020
10:58
5781
Econadzor

O‘zbekistonda tosh-shag‘al kavlab oluvchi, toshni qayta ishlovchi tadbirkorlar faoliyati mamlakatdagi daryo o‘zanlari va qirg‘oqbo‘yi mintaqalariga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Daryodan tosh-shag‘al olish ishlari tabiatga ziyon yetkazyapti
Video-reportaj

Muqaddam sersuv, hayvonot olami va baliqlari turfa bo‘lgan daryolar xavf ostida qolmoqda, ayrim hollarda daryo o‘zanlari o‘rtasida uchrab turadigan kichik orolchalar umuman yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoli yuzaga kelgan.

Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi olib borgan ekologik nazorat tadbirlarida o‘rganish o‘tkazilgan jami 544ta korxonaning 385tasida qonun buzilish holatlari aniqlangan.

Qonunbuzilish holatlarining 70 foizi oqova suvlari suv havzasiga ruxsatsiz oqizilgani, 20 foizi qum-shag‘al noqonuniy qazib olingani, 5 foizi chiqindilar belgilanmagan joylarga joylashtirilgani, 5 foizi esa ekologik-me’yoriy xujjatlarning mavjud emasligi bilan bog‘liq.

Daryodan tosh-shag‘al olish ishlari tabiatga ziyon yetkazyapti

Sobir Mashrabov

Masala yuzasidan Kun.uz bilan suhbatlashgan qo‘mita boshqarma boshlig‘i Sobir Mashrabovning bildirishicha, qonunbuzar tadbirkorlarga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan 411,8 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanib, atrof-muhitni ifloslantirgani uchun qo‘shimcha ravishda 1 mlrd 228 mln so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblangan.

«Bundan tashqari, daryo o‘zanlari atrofida o‘tkazilgan reydlar davomida qum-shag‘alning noqonuniy qazilishi, chiqindilar belgilanmagan joyda tashlab ketilishi va yoqilishi bo‘yicha 918ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib 1 mlrd 85 mln so‘m ma’muriy jarimalar belgilandi.

Toshkent viloyatida qurilish chiqindilarini joylashtirish bilan bog‘liq muammolar mavjud bo‘lib, qurilish ishlari jarayonida hosil bo‘layotgan chiqindilarni joylashtirish poligonlari tashkil etilmagani sababli, ushbu chiqindilar avtomobil yo‘llari yoqalariga, suv ob’ektlarining muhofaza zonalariga va boshqa qarovsiz hududlarga to‘kib ketilmoqda», — deydi u.

Prezidentning tegishli qarori bilan, daryolar o‘zanlarida qum-shag‘al materiallarini qazib olish faqat ularni tozalash jarayonida Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi «Xavfsiz daryo» DUK tomonidan belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etilgan tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Ya’ni tadbirkorlar sel kelish xavfi yuqori bo‘lgan daryo o‘zanlarida tegishli shartlar asosida tozalash ishlarini bajarib, ortiqcha tosh-shag‘alni olib ketishi mumkin. Amalda esa tadbirkorlar daryo tabiatiga putur yetkazib, bundan iqtisodiy foyda ko‘ryapti.

Daryodan tosh-shag‘al olish ishlari tabiatga ziyon yetkazyapti

Qadimdan daryo va oqar suv havzalar bilan keskin munosabatda bo‘lish salbiy oqibatlarga olib kelishi barchaga ma’lum. Shunga qaramay, «Ijodchi» MChJga qarashli texnikalar bilan belgilanmagan joyda qum-shag‘al aralashmasi qazib olinishi natijasida daryo o‘zani relefi buzilgan.

Sobir Mashrabovning aytishicha, maxsus texnikalar daryo o‘zaniga tushib olishi natijasida neft mahsulotlari, texnik moy oqindilari bilan daryo suvlari ifloslantirilishi va ruxsat etilgandan ko‘ra ko‘p shag‘al qazib olish holati ko‘p uchrayapti.

Daryodan tosh-shag‘al olish ishlari tabiatga ziyon yetkazyapti

«Tosh maydalash va saralash korxonalarining 93,5 foiz qismida oqova suvlarni birlamchi tozalash uchun mo‘ljallangan tindirib tozalash (otstoynik) o‘ralari, beton xovuzlar mavjud emas. Ishlab chiqarish oqova suvlari tindirgichdan to‘g‘ridan to‘g‘ri ochiq suv havzalariga yoki joy relefiga tashlash holatlari kuzatilmoqda. Oqova suvlaridan olingan namunalarining laboratoriya tahlili uning tarkibida qattiq moddalar bo‘yicha o‘rnatilgan me’yordan mos ravishda 74, 100 va 124 marta ortiq iflosligi aniqlanib, ushbu korxonalarga nisbatan qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi. Ammo tabiatga yetkazilgan zarar ulkan», — deydi u.

Mutasaddi vakil ushbu turdagi tadbirkorlik faoliyatini cheklash, uni to‘xtatib qo‘yish qurilish ishlariga salbiy ta’sir qilishi, bozorda shag‘al narxining keskin oshib ketishiga sabab bo‘lishini e’tirof etdi. Ammo bu tabiat oldidagi jinoyatni oqlash uchun bahona bo‘la olmaydi.

Sobir Mashrabov suhbat davomida tog‘ va adirlik yonbag‘irlarida tosh maydalash klasterlarini tashkil etish muammoning yechimi bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Aks holda, tadbirkorlik faoliyatini tekshirishga qo‘yilgan moratoriydan foydalangan shaxslar daryolarga zarar yetkazishda davom ettaveradi.

KUN.UZ  Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Manba: https://kun.uz/news/2020/09/09/daryodan-tosh-shagal-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Useful resources