Parrandachilik fabrikalaridan chiquvchi oqova suvni tozalashda yangi tajriba
06.
08. 2020
09:58
5866
News

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida «Parrandachilik fabrikalari qushxonalaridan chiquvchi oqova suvlarning ekologik xavfini kamaytirish» mavzusida ilmiy loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan taqdimotda oqova suvlarni tozalash muammosi bilan shug‘ullanuvchi hamda tadqiqotlar olib boruvchi turli tashkilotlar, idoralar mutaxassislari, vazirliklar vakillari, olimlar, ekologlar va ekspertlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mazkur ilmiy loyiha institutning Suv resurslarini muhofaza qilish laboratoriyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Asosiy maqsadi – suv resurslarini parranda fabrikalarining so‘yish tsexlaridan chiqadigan, tarkibida qon oqsili, yog‘i, tovuq go‘shti bo‘laklarga ajratilishida chiqadigan turli chiqindilarni o‘zida jamlagan katta miqdordagi organik ifloslanishlardan himoya qilish hisoblanadi. Shuningdek, parrandachilik fabrikalari va kichik aholi punktlaridagi biologik hovuzlarning xo‘jalik maishiy oqova suvlarini biotsenoz inshootlar bioremediatsion salohiyatidan foydalangan holda, oddiy va arzon texnologiyalarni ishlab chiqishni ham qamrab oladi.

Ma’lumki, parrandachilik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Prezidentimizning 2018 yil 13 noyabrdagi «Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ham mavjud muammolar yechimi sifatida fan va ishlab chiqarishning integratsiyasini yanada kuchaytirish maqsadida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Tadbir ishtirokchilari parrandachilik fabrikalaridan chiqadigan oqova suvlarni tozalash muammosi dunyoning turli mamlakatlarida turlicha namoyon bo‘layotgani haqida fikr bildirdi. Xususan, ushbu mavzudagi tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlari parrandachilik fabrikalarida parranda go‘shtini qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan oqova suvlarni tozalashning yangi texnologiyalari energotejamkor va iqtisodiy kamxarjlikka qaratilgan.

Taqdimot davomida mazkur loyiha mahalliy arzon materiallardan foydalanish, energiya sarfining kamligi, tozalash uchun foydalaniladigan reagentlarning minimalligi singari bir qator ustunliklarga egaligi ta’kidlandi. Ayniqsa, aholi punktlarining sanitar farovonligini ta’minlash va atrof-muhitning tabiiy ekologik holatini saqlash kabi ijtimoiy ahamiyati bilan ham ajralib turadi.

Bularning barchasi parrandachilik fabrikalari so‘yish tsexlaridan chiqadigan oqova suvlar to‘planadigan biologik hovuzlar suvlarini tabiiy havoni haydash yo‘li bilan O‘zbekiston ichki bozorida tozalash inshootlarini loyihalash va qurish yo‘li bilan tashkil qilish mumkin.

Shuningdek, ushbu loyiha qayta tozalanmagan oqova suvlarning tuproqqa va suv manbalariga tushishining oldini oladi, atrof-muhitga antropogen ta’sirning kamayishiga olib keladi.

Abdulaziz Musaev, A’lo Abdullaev (surat), O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/parrandachilik-fabrikalaridan-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources