Farg‘ona viloyati. Afsonaviy pista daraxti.
16.
07. 2020
11:34
7500
News

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumani «Nursuq» qishlog‘idagi 1200 yil oldin paydo bo‘lgan, maydoni 50 ga. dan oshiq qadimgi Xo‘ja pista qabristoni bor. Mazkur qabristonning tepa qismidagi maqbara yonida har yili 2 xil meva tugadigan afsonaviy pista daraxti mavjud.

Rivoyat qilishlaricha, Xo‘ja pista qabristonida ming yoshli manzarali daraxt bo‘lgan. Tabiiy ofat ya’ni, chaqmoq urishi oqibatida ming yoshli daraxt yonib, yong‘indan so‘ng daraxt tagidan bir nihol o‘sib chiqib, pista meva qila boshlaydi. Hozirda ushbu pista daraxti ikki yuz yoshda bo‘lib, uning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, ushbu daraxt ikki xil meva tugadi, ya’ni, bir yili pista, bir yili yong‘oq mevasi tugadi. Sababi yong‘inga qadar ikki avliyoning pista va yong‘oq daraxtidan yasalgan xassalari bir joyda saqlanishi natijasidir.

Afsonaviy pista daraxtning barglari yapaloq, uzunchoqsimon bo‘lib, ko‘proq yong‘oq daraxti bargiga o‘xshab ketadi, bo‘yi 2-3 metr, butasimon, tomiridan bir nechta shoxchalar xosil qilib, eniga shoxlab ketgan. Ajabnalarli tomoni shundaki, daraxtning ildizi 10-15 metrgacha bo‘lib, ko‘proq yomg‘ir suvi hamda yer osti suvlari orqali tabiiy sug‘oriladi. Farg‘ona nabodotining durdonasi bo‘lmish ushbu daraxt o‘z turi bo‘yicha yagona sanaladi. Ikki yuz yoshli pista daraxtini yonida o‘sha davrdan buyon zirk daraxti ham yonma-yon o‘sib turibdi.

Xo‘ja pista bobo qabristoni maqbarasi hamda mazkur afsonaviy pista daraxti orqali mahalliy turistik markaz sifatida ziyoratchilarni o‘ziga jalb etadi. Bu yerga ko‘plab boshqa viloyatlardan sayohatchilar hamda mahalliy aholi ziyoratgoh sifatida yil davomida, ayniqsa, erta bahor-pista gullagan paytda ziyorat qilgani tashrif buyurishadi.

Hozirgi kunda, pista daraxti Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan muhofaza qilinadigan o‘simliklar ro‘yxatiga kiritilib, asrab kelinmoqda.


 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources