G‘alladan bo‘shagan maydonlarni yoqqan shaxslar jarimaga tortiladi
16.
06. 2020
15:42
5782
Econadzor

Mutaxassislar ogohlantiradi

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyati mirishkor dehqonlari ham tunu kun tinim bilmay g‘alladan yuqori hosil yig‘ishtirib olish uchun ter to‘kmoqda.

Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarida somon poyalari yoqib yuborilishining oldini olish maqsadida targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, boshoqli don ekinidan bo‘shagan bir gektar yer maydonida yong‘inning sodir etilishi atmosfera havosiga o‘rta hisobda 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidlari gazi tashlanishiga olib keladi. Shuningdek, tuproq tarkibi buzilishi, tarkibidagi organik moddalarning keskin kamayishi, turli xildagi tirik organizmlarning qirilishi, eroziyaning kuchayishiga va hosildorlik kamayishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan yili joylarda bu kabi bir necha noxush holatlar qayd etilgan. Asosiy sababi aholi va fermer xo‘jaliklarining loqaydligidir. O‘zbekiston Respublikasi «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunining tegishli moddalari talablari ijrosini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi «2019 yil boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ishtirib olish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat miqiyosida jami 2 ming 385 ta fermer xo‘jaligidan 1 ming 400 ga yaqiniga somon poyalari yoqilishi oldini olish bo‘yicha ogohlantirish berilgan va targ‘ibot ishlari olib borilgan.

Shunga qaramasdan 2019 yili bu salbiy holatlar 125 ta hududda kuzatilgan bo‘lib, jami 260 gektar yer maydoni yondirilgan. Ushbu qonunbuzilish holatlarini sodir etgan 78 nafar huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan jami 45 million 561 ming so‘mlik jarimalar qo‘llanilgan.

Yuqorida keltirilgan noxush oqibatlarning oldini olish maqsadida Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan bu yil ham viloyat hududida keng miqyosda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
 

Akmal Haydarov,
Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi

Manba: http://uza.uz/oz/society/allada1n-b-shagan-maydonlarni-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources