«O‘zgidromet»ning may oyidagi monitoringi bo‘yicha Olmaliq shahri atmosfera havosi eng iflos shahar bo‘lib chiqdi» sarlavha ostidagi maqola yuzasidan munosabat
15.
06. 2020
10:52
6039
Econadzor

Joriy yil 10 iyun kuni daryo.uz saytida «O‘zgidromet»ning may oyidagi monitoringi bo‘yicha Olmaliq shahri atmosfera havosi eng iflos shahar bo‘lib chiqdi» sarlavha ostidagi maqolasi yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Olmaliq shahar inspektsiyasi, Olmaliq shahar gidrometeorologiya markazi, «Ammofos-Maksam» AJ, «OKMK» AJ, «JURABEK LABORATORIES» Q.K. va Olmaliq shahar markaziy shifoxonasi mas’ullari ishtirokida uchrashuv tashkil etilib, masala atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Olmaliq shahar gidrometeorologiya markazi tomonidan joriy yil may oyida o‘tkazilgan monitoring tahlil natijalariga asosan shahar atmosfera havosida chang moddasi 1,3 marotaba va fenol moddasi 1,4 marotaba ruxsat etilgan me’yordan ortganlik holatlari aniqlanganligi ma’lum bo‘ldi.

«Ammofos-Maksam» AJ, «OKMK» AJ va «JURABEK LABORATORIES» Q.K. vakillarining bergan ma’lumotlarida esa may oyida atmosfera havosiga tashlanayotgan tashlamalar va sanitar-himoya hududlarida amalga oshirilgan tahlillar barcha ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha o‘rnatilgan me’yordan ortganlik holatlari kuzatilganligi bayon etilgan.

Atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalarning ortganlik holati Olmaliq shahar markaziy shifoxonasida «qo‘lbola» usulida yaratilgan eritish (mufel) pechida hosil bo‘lgan tibbiyot chiqindilarini yo‘q qilish (utilizatsiya) jarayonida hosil bo‘lganligi aniqlandi. Mazkur masala yuzasidan, markaziy shifoxona Bosh shifokori hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilarini yo‘q qilish uchun tegishli tashkilot bilan shartnoma tuzish ishlari oxiriga yetkazilmaganligi sababli hosil bo‘lgan tibbiyot chiqindilari amaldagi qonun talablariga rioya etilmagan holda chiqindilarni «qo‘lbola» usulda yasalgan jihozda yoqish orqali yo‘q qilinganligi ma’lum qilgan. Vaholanki, mazkur masala yuzasidan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Olmaliq shahar inspektsiyasi shifoxona rahbariyatini bir necha bor ogohlantirgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunining 4- va 20-moddalari, «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunning 8- va 24-moddalari talablari buzilgan deb topilib, shifoxonaning mansabdor shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 7 barobari (1 561,0 ming so‘m) miqdorida ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, bunday holatlarni keltirib chiqarmaslik yuzasidan ogohlantirish berilgan.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources