Surxondaryo viloyati: Besh oyda 1 ming 518 tabiat kushandasi aniqlandi
05.
06. 2020
15:49
7546
News

Surxondaryo viloyati go‘zal tabiat manzaralari, noyob hayvonot dunyosi, shifobaxsh zilol suv va yer osti boyliklari, tog‘u-dashtlardagi musaffo havosi bilan ham mashhur bo‘lib kelgan.

Ko‘hitang tog‘ tizmasining sharqiy yonbag‘ridagi «Surxon» davlat qo‘riqxonasida tog‘-o‘rmon ekotizimi, o‘ziga xos o‘simlik va hayvonot dunyosi turlarini, archazor o‘rmonlar muhofaza qilinadi.

O‘simlik va hayvonot dunyosiga juda serob tabiiy hududning umumiy yer maydoni 23 ming 802 gektar bo‘lib, shundan 12 ming 239 gektardan ziyodi yashil boylik bilan burkangan. Dengiz sathidan 850 metrdan 3 ming 137 metrgacha balandlikdagi hududda 900 dan ortiq turdagi o‘simlik uchraydi. Bu yerda «Qizil kitob»ga kiritilgan Qo‘qon zag‘ozasi, Litvinov lolaqizg‘aldog‘i, Maksimovich ravochi, Grek yong‘og‘i, achchiq hamda tikanakli bodom, soxta yantoq, dug‘bay singari ko‘plab o‘simlik va dov-daraxtlar o‘stirilmoqda. Turkiston laqqachasi balig‘i, Hind boygasi, cho‘lmiqqiysi qushi, mallabosh lochin, sud emizuvchilardan burama shoxli echki, Buxoro tog‘ qo‘yi, Turkiston silovsini singari kamayib borayotgan turli jonivorlar yashaydi.

Qo‘riqxonada O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan 26 turdagi sudralib yuruvchilar, 18 turdagi noyob hayvonlar va 136 turdagi qushlar uchraydi. Jarqo‘rg‘on tumanidagi «Oqtepa» bog‘i ham o‘zining noyob o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan kishini lol etadi. «TSangardak» sharsharasi, Omonxona, Xo‘jaipok, Xo‘jamayxona singari shifobaxsh buloq suvlari, Boysun, Sariosiyo, Uzun kabi tumanlardagi o‘rmon xo‘jaliklari ham maftunkorligi bilan ko‘zlarga quvonch ulashadi.

O‘rni kelganda shuni aytish lozimki, bizning asrimizga kelib, jahondagi ko‘plab ekotizimlar zaxiralari deyarli butunlay tugab, ortga qaytarib bo‘lmaydigan salbiy jarayonlarga yuz tutmoqda. Bu jarayonga dunyoda aholining o‘sib borishi, iqtisodiy rivojlanish va boshqa omillar ham o‘z ta’sirini o‘tkazayotgani sir emas. Vaholanki, atrof-muhit sog‘lomligi, iqtisodiyot samaradorligi va obod hayotimiz mavjud tabiiy resurslarni oqilona boshqarish hamda ulardan tejab foydalana olishimizga bevosita bog‘liq.

Keyingi yillarda mamlakatimizda atrof-muhit muhofazasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor tabiat in’om etgan noyob tuhfalarni qadrlash, mavjud boy biologik xilma-xillikni asrab-avaylashni yangi bosqichda davom ettirishga qulay muhit, keng imkoniyat yaratdi. Yuzaga kelgan ekologik barqarorlikni ta’minlashning eng samarali yo‘llarini belgilab berdi. Shunga muvofiq mamlakatimizning janubdagi vohasida ham joriy yildan mevali va manzarali daraxtlarni hisobga olish tizimi joriy etilgani bunga yaqqol dalildir. Bunda ro‘yxatga olingan dov-daraxtlarga maxsus kodli raqam ilinib, elektron bazaga kiritilayotgani ahamiyatli bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, viloyatda ko‘chat ekib, yangi bog‘lar yaratish azaldan ajoyib an’ana bo‘lib kelgan. Jumladan, birgina shu yilning o‘zida 10 millionga yaqin manzarali va mevali daraxt ko‘chati o‘tqazilib, sakkiz milliondan ortiq qalamcha qadaldi. Lekin, hozirgacha ularning hisob-kitobi yuritilib, hech kim nazorat qilmagan. Vohada qancha mevali, qancha manzarali daraxt borligini yoki yangi ekilgan ko‘chatlardan qanchasi unmay qurib qolganini ham hech kim bilmas edi. Yashil boyliklarga yangicha yondashuv har bir daraxtning hisobini yuritish imkoniyatini yaratdi. Shu asosda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha tuman, shahar inspektsiyalari xodimlari joylardagi mavjud daraxtlarni xatlovga olib, ularning aniq reestrini tuzmoqda. Daraxtlarning nomi, soni va ularga biriktirilgan mas’ul shaxslar haqidagi ma’lumotlarni o‘rnatayotir. Endilikda elektron bazaga kiritilgan har bir daraxtning o‘suvchan va o‘nuvchanligi monitoring qilib boriladi. Bu tartib odamlarda mavjud daraxtlar davlat nazoratida ekanini his etib, beruxsat kesilishi, qurib qolishi va boshqa holatlarning oldini oladi. Yashil dunyo parvarishi va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yuksaltirishga mas’uliyatni yanada oshiradi.

Sodda qilib aytganda, har bir novdaning, daraxtning so‘rovi bo‘ladi. Biroq, ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgan, bu sohada targ‘ibot va qat’iy nazorat tadbirlari olib borilayotgan bo‘lsada, joylarda hamon tabiatga beparvolik bilan munosabatda bo‘lish hollari to‘liq barham topgani yo‘q. Masalan, yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida 144 shaxsning o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi qonun talablarini buzgani aniqlanib, 158 million 664 ming 500 so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasi bo‘yicha davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 344 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qonunbuzarlarga nisbatan 38 million 467 ming 632 so‘m ma’muriy jarima belgilandi. Yer resurslari bo‘yicha 213 nafar shaxs, yer osti boyliklari bo‘yicha 36 kishi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanishining oldini olish, suv va suvlarni ifloslantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham tezkor tadbirlar tashkil etilib, qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Xullas, joriy yilning o‘tgan besh oyida viloyatda 1 ming 518 huquqbuzarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga asosan 490 million 525 ming 808 so‘m jarima chorasi qo‘llanildi. Ma’muriy javobgarlikka tortilganlarning 20 nafari mansabdor shaxslar. Tabiatga yetkazilgan zarar 437 million 661 ming 220 so‘mni tashkil etdi.

Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzayotgan bunday shaxslar aniqlanib, ulardan yetkazilayotgan zarar undirib olinayotir. Afsuski, bu holatlar hali oramizda tabiat boyliklariga to‘g‘ri munosabatda bo‘lmayotganlar borligini ko‘rsatayotir. Bu vohada keng jamoatchilikni birlashtirib, ona tabiatni avaylab-asrashni, atrof-muhit muhofazasiga e’tiborni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
 

Bahodir URUNOV,
Surxondaryo viloyat ekologiya va
atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i

Manba: http://uza.uz/oz/society/besh-oyda-1-ming-...

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources