Rasmiy munosabat!
03.
06. 2024
17:03
2730
News

Ijtimoiy tarmoqlarda “Qoʻshnim yoʻlbars boqmoqda...” sarlavhali material tarqaldi. Unda ijtimoiy tarmoqlarda yovvoyi jonivorlar savdosi bilan shugʻullanuvchi va xonadonida ekzotik jonivorlarni boqayotgani bilan maqtanib, rasm va videolar joylovchilar soni tobora ortib borayotgani, ekologiyaga mutasaddi boʻlgan vakolatli davlat idoralari masʼullaridan ushbu holatlarga barham berishi, qonunchilikka muvofiq chora koʻrishi va tutqunlikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlarni tabiat qoʻyniga qoʻyib yuborishi soʻralgan murojaat berilgan.

Ekologiya vazirligi holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:

Aholi hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, shuningdek, fuqarolar tomonidan jamoat tartibiga rioya etilishini taʼminlash maqsadida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasi quyidagi yangi qism bilan toʻldirildi:

“jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxati, shuningdek mazkur roʻyxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining

2023-yil 7-sentyabrdagi OʻRQ–867-son Qonuni ijrosini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror loyihasi va u bilan tasdiqlanishi koʻzda tutilgan insonning hayoti

va sogʻligiga xavf tugʻdiruvchi hayvonlar roʻyxati shakllantirilib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.

Maʼlumot uchun: roʻyxatga saqlanishi taqiqlangan jami

67 ta yirtqich, zaharli va inson hayoti uchun xavfli hayvonlar tasdiqlanishi rejalashtirilgan:

ilonlar: kobra, krayt;

baliqlar: morena, arra tushmuk skatlar;

qushlar: tasqara, lochinsimonlar;

sutemizuvchilar: yoʻlbarslar, sherlar, barcha turdagi yovvoyi mushuklar, boʻrilar, ayiqlar, begemotlar va hz.

 

  Ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab roʻyxatga muvofiq yovvoyi hayvonlarni:

jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitda yoki tutqinlikda saqlash amaliyotini yangidan joriy etiladi;

 davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlash hamda sirk tomoshasi namoyishlarida foydalanish taqiqlanadi.

  Roʻyxatga muvofiq jismoniy shaxslar ixtiyoridagi hamda davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlanuvchi yovvoyi hayvonlar 2026-yil 31-dekabrga qadar:

a) yuridik shaxs maqomiga ega (Toshkent, Termiz, Fargʻona, Nukus va boshqa) hayvonot bogʻlaridagi reabilitatsiya markazlariga, terrariumlar, okeanariumlar, delfinariylar, serpentariylar, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda pitomniklarga topshiriladi;

b) Oʻzbekiston faunasiga mansub yovvoyi hayvonlar Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilishi mumkin;

v) Oʻzbekiston faunasiga mansub boʻlmagan yovvoyi hayvonlarni jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan tartibda chetga olib chiqilishiga ruxsat beriladi;

g) Oʻzbekiston faunasiga mansub boʻlmagan, yashab ketishga qodir boʻlmagan darajada kasal boʻlgan yovvoyi hayvonlar belgilangan tartibda jonsizlantirilishi mumkin.

Shuningdek, yovvoyi hayvonlarni qonuniy saqlayotgan yuridik shaxslarga baʼzi taqiqlar oʻrnatildi, jumladan:

— hayvonlarni jamoat joylarida olib yurish va ularni sayr qildirish shuningdek, maxsus qafassiz boshqa joylarga tashish;

hayvonlardan foydalangan holda foto surʼat va video tasvirlarga tushirish hizmatlarini koʻrsatish;

— telekoʻrsatuvlarda va boshqa tadbirlarda hayvonlarni namoyish etish maqsadida olib borish yoki boshqa shaxslarga foydalanishga berish;

hayvonlarni jismoniy shaxslarga berish, sotish, sovgʻa qilish.

Hozirgi vaqtda yovvoyi hayvonlarni aholi punktlarida saqlash Ekologiya vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining “Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 21-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2373) bilan tasdiqlangan “Aholi punktlarida yovvoyi hayvonlarni saqlash” Qoidalariga asosan amalga oshiriladi. Bunda yovvoyi hayvonlarni saqlash uchun Ekologiya vazirligidan my.gov.uz sayti orqali yovvoyi hayvonlarni saqlash va urchitish boʻyicha pitomniklarning, shuningdek zoologiya kolleksiyalarining hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma olinishi talab etiladi.

 

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga binoan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanayotgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitga Ekologiya vazirligining ruxsatnomasisiz oʻzboshimchalik bilan chiqarib yuborish taqiqlanadi!

Useful resources