BMTning global konferensiyasida yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar majmui qabul qilindi
19.
02. 2024
19:04
1873
News

Samarqandda yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi yakunlandi.

Kelishilgan chora-tadbirlar qatorida ko‘chib yuruvchilarning 14 ta turini, jumladan, Yevroosiyo silovsini, manul mushugi kabi hayvonlarni Konvensiyaga kiritish ham bor. Konvensiyaga aʼzo 133 davlat vakillari 100 dan ortiq turli mavzularda Samarqand rezolyutsiyasi, qoʻshma qarorlar va muvofiqlashtirilgan harakatlarni qabul qildi.

O‘zbekiston raisligida bir hafta davom etgan yig‘ilishning yakuniy majlisida Aziz Abduhakimov konferensiya ishtirokchilariga yovvoyi tabiatni asrash va barqaror rivojlantirish yo‘llarini o‘zgartirishga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirdi:

“COP14 koʻplab tomonlarning koʻchib yuruvchi turlar va ularning yashash joylarini saqlash hamda barqaror boshqarish boʻyicha aniq rejalar ishlab chiqish hamda chora-tadbirlar koʻrish borasidagi intilish va majburiyatlarini namoyish etdi. O‘zbekiston anjumanning asosiy natijalaridan mamnun, chunki ular mamlakat hukumatining ustuvor yo‘nalishlari va maqsadlariga mos keladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev konferensiya ochilishidagi nutqida ta’kidlaganidek, mamlakatimizda nafaqat ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish, balki tabiiy ekotizimlarni tiklash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda”.

Vazir, shuningdek, O‘zbekistonda bir paytlar Ustyurt platosida yashagan Osiyo gepardlari kabi yo‘qolib ketgan turlarni qayta tiklashga e’tibor qaratilishini aytdi.

“Yashash joylarini yo'qotish, ifloslanish, iqlim o'zgarishi va inson hamda yovvoyi tabiat to'qnashuvi kabi tahdidlarga qarshi kurashish bir xil darajada muhimdir. Qisqa vaqt ichida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qamrovini 14 foizga yetkazishga erishdik, keyingi besh yilda esa 20 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bir qancha obyektlar UNESCOning biosfera rezervatlari tarmog‘iga kiritilgan va joriy yig‘ilishda O‘zbekistonning beshinchi obyekti – Jiltirbas ko‘li Ramsar konvensiyasining suvli-botqoqli yerlar ro‘yxatidan joy oldi”.

Ta’kidlash joizki, yigirma yillik samarasiz muzokaralardan so‘ng konferensiyada 30 ta ko‘chmanchi qushlar yashaydigan hududlarni qamrab oluvchi Markaziy Osiyo parvoz yo‘li bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qabul qilingan tashabbus Hindistonda muvofiqlashtirish bo'limi tashkil etishni o'z ichiga oladi.

Aziz Abduhakimov umumiy tabiiy merosni asrab-avaylashda mintaqaviy sa’y-harakatlar muhimligini ta’kidladi:

“Markaziy Osiyo davlatlari bilan mintaqaviy hamkorlik va yaqin sheriklik bizning asosiy ustuvor yo‘nalishlarimizdan biridir. Biz umumiy tarix, madaniyat, ekologik va iqlimiy xususiyatlar hamda ko'chib yuruvchi turlarga egamiz. Shu bois Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan qor qoplonlarini asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarimizni ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishganimiz, Afrika va Yevroosiyoda ko‘chmanchi yirtqich qushlarni asrash bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzolaganimiz mintaqaviy sheriklikka qat’iy intilayotganimizdan dalolatdir. Bundan tashqari, biz Tojikiston Respublikasi bilan Zarafshon daryosi bo‘ylab transchegaraviy qo‘riqlanadigan hudud yaratish ustida ishlayapmiz”.

Xulosa qilib aytganda, vazir iqlim o‘zgarishi masalasi hukumat uchun strategik ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi:

“Prezident huzurida Iqlim kengashi va Milliy iqlim markazi tashkil etildi hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish boʻyicha idoralararo hamkorlikni kengaytirish, iqlim boʻyicha oqilona va ilmiy asoslangan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklandi”.

 

COP14ning asosiy natijalari quyidagilardan iborat:

  • iqlim o'zgarishini hal qilishni kuchaytirish va ko'chib yuruvchi yovvoyi tabiat bo'yicha iqlim o'zgarishi hisobotini tasdiqlash;
  • ko'chib yuruvchi turlarni noqonuniy ovlashga qarshi kurashish bo'yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish;
  • ekologik bog‘liqlikni rivojlantirish bo'yicha harakatlar to'g'risidagi bitim;
  • yorug'lik ifloslanishining ko'chib yuruvchi turlarga ta'siri bo'yicha yangi global ko'rsatmalar;
  • chiziqli infratuzilmani rivojlantirish va ta'sirni baholash masalalarini hal qilish bo'yicha tavsiyalar;
  • “Hasharotlarning kamayishi va uning ko‘chib yuruvchi go‘shtxo‘r populyatsiyalarga tahdidlari” nomli yangi ilmiy hisobotni ma’qullash va CMS Ilmiy kengashini yangi tavsiyalar ishlab chiqishga chaqirish;
  • yovvoyi tabiatning salomatligi to‘g‘risida yangi qaror qabul qilinishi, Konvensiya ishtirokchilarini “Ko‘chib yuruvchi turlar va salomatlik: yovvoyi tabiatning ko‘chishi va kasalliklari dinamikasi hamda ko‘chib yuruvchi turlarning sog‘lig‘ini yagona salomatlik kontekstida ko‘rib chiqish” ilmiy ma’ruzasi tavsiyalarini amalga oshirishga chaqirish;
  • 2024–2032-yillarga mo‘ljallangan ko‘chib yuruvchi turlar bo‘yicha yangi, ilmiy asoslangan Samarqand strategik rejasi.

Bundan tashqari, CMS flagman hisobotining ba'zi asosiy tavsiyalariga zudlik bilan javob sifatida COP14 maxsus tadbiri davomida "Dunyodagi ko'chib yuruvchi turlarining holati" Atrof-muhit bilan bog'liqlik bo'yicha yangi global hamkorlik (GPEC) ishga tushirildi. Shuningdek, CMS COP14 ko'chib yuruvchi turlar bo'yicha chempionlar dasturini tantanali ravishda o'tkazdi va to'qqizta chempionni sa'y-harakatlari va global miqyosdagi sadoqatlari uchun taqdirladi. O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilishga qo‘shgan hissasi uchun alohida e’tirof etildi.

Ta'kidlash joizki, Samarqanddagi yig'ilish ko'plab ko'chib yuruvchi turlar, jumladan, sayg'oq, qor qoplonlari va ko'chmanchi qushlarning ko'plab turlari uchun yashash muhitini ta'minlovchi Markaziy Osiyoda o'tkazilgan birinchi global ekologik tadbirga aylandi. Unda 130 mamlakatdan 2000 ga yaqin ishtirokchilar, shu jumladan, 92 ta CMS partiyasi, 16 ta BMT agentligi va turli xil ekologik tashkilotlardan 240 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Bundan tashqari, Konferensiya davrida 110 ta mamlakatda 40 xil tilda 2000 dan ortiq xabarlar orqali 6,5 milliardga yaqin odamga murojaat qilindi.

COP14 yakunida O‘zbekiston hukumati CMS COP raisi rolini o‘z zimmasiga oldi va kelgusi uch yil davomida nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyoning barcha mintaqalarida ushbu konferensiyaning ko‘chib yuruvchi turlar va ularning yashash joylarini saqlab qolish borasidagi faolligini oshirishda davom etadi.

Useful resources