Samarqandga 4 ta yangi zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari olib kelindi
31.
01. 2024
16:34
1617
News

Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanidagi "Anvarjon biznes invest" masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Xitoydan 4 ta yangi zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari keltirildi. 

Ayni damda tumanda chiqindi sohasi bo‘yicha aholiga xizmat ko'rsatish 91 foizga yetgan. Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlarida xizmat ko‘lamini 100 foizga yetkazish uchun esa yil oxiriga qadar yana 4 ta texnika vositasi sotib olish rejalashtirilgan. 

Ta'kidlash joizki, hukumatimiz tomonidan chiqindi sohasini tartibga solish, bu boradagi xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga katta e'tibor qaratilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 4-yanvar kuni “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi. Mazkur farmonda sohada uzoq yillardan beri yechimini kutib kelayotgan muammolarni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab berilgan.

Ma'lumot uchun, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi "Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish" loyihasi doirasida 300 dona "Isuzu" rusumli chiqindi yigʼuvchi maxsus texnikalar xarid qilingan. Ushbu texnikalar Ekologiya vazirligi tomonidan respublikadagi barcha hududlardagi sanitar korxonalariga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda. 

Mazkur texnika vositalari Yevropa standartlariga to‘liq javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Qolaversa, yurtimiz iqlimiga moslashgan va chidamli.

Useful resources