2 ta milliy tabiat bog‘iga yoʻltanlamas avtomobillar topshirildi
26.
01. 2024
10:49
2282
News

25-yanvar kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi binosida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (MFY) boshqarmasi boshlig‘i Zokir Rahimov, BMT Taraqqiyot dasturining atrof-muhit va iqlim bo‘yicha klasteri rahbari Bahodir Paluaniyazov, Orolbo‘yi suvli-botqoqli hududlarni boshqarish loyihasi rahbari Akmal Ismatov va boshqalar  ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni taʼminlashni qoʻllab-quvvatlaydigan asos sifatida koʻllar, suv-botqoq yerlar va qirgʻoqboʻyi hududlarni saqlash hamda boshqarish” qoʻshma loyihasi doirasida qilinayotgan ishlar yuzasidan muzokaralar olib borildi.  Shuningdek, “Janubiy Ustyurt” va “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘lariga ikkita yo‘ltanlamas avtomobil topshirildi. Loyiha Ekologiya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (GEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Tadbirda loyihaning asosiy maqsad va vazifalariga toʻxtalib oʻtildi.

“4 yil davomida amalga oshiriladigan mazkur loyiha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, suvli-botqoqli yerlarni saqlashga qaratilgan. Loyiha doirasida muhofaza hududlari monitoringi markazini ochish ham koʻzda tutilgan”, — dedi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqarmasi boshligʻi Zokir Rahimov.

O‘z navbatida Akmal Ismatov METHlarda ilmiy tadqiqotlar sonini oshirish muhim ekanligini taʼkidladi.

“Loyihaning asosiy maqsadi Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni samarali boshqarish, Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzalarida ekotizimlarning barqarorligi va yashab qolishi uchun shart-sharoitlar yaxshilashdir, — dedi u. — Yoʻltanlamas avtomobillar va boshqa texnika vositalari esa qoʻriqxonalardagi yilmiy ishlarni kuchaytirishga, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi”.

Maʼlumot uchun, loyiha doirasida 2023-2026-yillar davomida umumiy maydoni 3 million gektardan ortiq boʻlgan beshta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar: “Janubiy Ustyurt”, “Orolboʻyi”, “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻlari, “Sudochye-Akpetki”, “Borsakelmas” buyurtma qoʻriqxonalarini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Useful resources