Rasmiy munosabat!
25.
01. 2024
18:28
2683
News

Ijtimoiy tarmoqlarda 17-yanvardagi 14-sonli Prezident Farmoniga asosan 2024-yil 1-maydan boshlab bir necha daryo o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga joriy etilgan muddatsiz moratoriy qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali qum-shag‘al aralashmasini qazib olishga ruxsatnoma berilayotgani ham tanqid qilinmoqda.  Ekologiya vazirligi ushbu muhokamalar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi:

2024-yil 1-maydan boshlab eng og‘ir ekologik vaziyatda bo‘lgan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari hududida qum va shag‘al qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etildi. Moratoriy davrida ushbu daryolar oʻzanlarida qum va shagʻal qazib olishga ruxsatnomalar berilmaydi!

Mazkur hududlarda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib, moratoriyni buzgan shaxslarga nisbatan tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi, shuningdek, ushbu qoidabuzarlikni sodir etishda foydalanilgan texnika musodara qilinadi.

E-AUKSION elektron savdo platformasi orqali qum-shag'al materiallarini qazib olishga ruxsatnomalar berishga kelsak, ushbu amaliyot faqat moratoriy joriy etilmagan hududlarda qo‘llaniladi. Shu bilan birga, daryolar o‘rniga muqobil tog‘li va tog‘ oldi hududlarida joylashgan alternativ kon uchastkalarida qum-shag‘al qazib olish ishlari tashkil etiladi.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda respublikada qurilish ko‘lamining kengayishi natijasida qum-shag‘al aralashmasini qazib olishga ehtiyoj keskin oshdi. Biroq ko‘pchilik bu ehtiyojni qondirish uchun ertangi kunni o‘ylamay, daryo o‘zanlaridan qonunga xilof ravishda katta miqdorda qum-shag‘al qazib olib, atrof-muhitga tuzatib bo‘lmas zarar yetkaza boshladi.

Jumladan, 2023-yilda noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olish bilan bog‘liq 303 ta holatda 68 milliard so‘m jarima qo‘llanilgan. Ushbu holatlarning 42 tasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Daryo o‘zanlarida 1-1,5 metrgacha chuqurlikda qum va shag‘al qazishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, 10 metr chuqurlikda qazilishi natijasida daryo o‘zani kengligi 400 metrgacha kengayib ketish holatlari kuzatilgan.

Qayd etish kerakki, ayni paytda xalqaro va mahalliy olimlar ishtirokida Chirchiq daryosini qayta tiklash loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Useful resources