Toshkentdagi Gidrometeorologiya texnikumida 8-dekabr – Jahon iqlimini muhofaza qilish kuni munosabati bilan tadbir oʻtkazildi
05.
12. 2023
12:41
1627
News

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda  Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnalogiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibati global muammoga aylanib, barqaror rivojlanishga va xalqaro xavfsizlikka jiddiy xavf solmoqda. Bu esa oʻz navbatida, jahon hamjamiyatidan birgalikda muhim tashabbuslarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. 8-dekabrning Jahon iqlimni muhofaza qilishi kuni sifatida nishonlanishi ham bu boradagi amaliy ishlardan biri sanaladi. 

Keyingi yillarda Oʻzbekiston ham  iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va oqibatga moslashish masalasida faol harakat qilmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasini birlashtirish sari harakatni sezilarli darajada faollashtirish yoʻlidagi bu muhim tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib eʼtrof etilmoqda.

Texnika fanlari doktori Furqat Erkaboyevning ushbu sana munosabati bilan  tayyorlagan “Iqlim oʻzgarishini keltirib chiqaruvchi omillar hamda bu omillarga qarshi kurashish va moslashish” mavzusidagi maʼruzasi barchada katta taassurot qoldirdi. 

Tadbir davomida shuningdek, “Konstitutsiya haftaligi” doirasida Konstitutsiya darslari tashkil etildi. 

Ta'kidlash joizki, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Asosiy Qonunimizda ekologik huquqlarning kafolatlanishi ham muhim amaliy ishlardan biri boʻldi. Jumladan, yangilangan Konstitutsiyamizning 49-moddasida har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga ega ekanligi, Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish boʻyicha davlat tomonidan choralar koʻrilishi mustahkamlandi.

Tadbirda oʻquvchilar “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusida insho yozishdi, shuningdek, viktorina tashkil qilindi. Insho hamda viktorina gʻoliblari sovgʻalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobi bilan taqdirlandilar.

Useful resources