XXR madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin Samarqand va Buxoroning diqqatga sazovor turistik obyektlari bilan yaqindan tanishdi
31.
10. 2023
23:31
1410
News

Xitoy Xalq Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Xu Xepin 27-oktabr kuni O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbarlari bilan “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazish hamda yurtimizning diqqatga sazovor turizm obyektlari bilan yaqindan tanishish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi.

Ma’lumot uchun, yurtimizda  28-oktabr kuni Toshkentda “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston va Xitoy tabiat durdonalari” O‘zbekiston-Xitoy madaniy almashinuvi ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazmada 20 nafar xitoylik rassom tomonidan yaratilgan, Samarqand, Qashqadaryo kabi viloyatlarimizning diqqatga sazovor maskanlari aks etgan suratlar namoyish etilmoqda. Shuningdek, ko‘rgazmadan o‘zbek rassomlari tomonidan Xitoyning e’tiborga molik turizm obyektlari aks etgan suratlari ham joy olgan.

Tashrif doirasida Xu Xepin,  BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasida turizm sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan uch tomonlama uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va turistlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, UNWTO doirasida amalga oshiriladigan qoʻshma harakatlar belgilab olindi.

Xu Xepin Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida ijodiy jamoalar oʻrtasida malaka oshirish borasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, har ikki davlatda madaniyat markazlarini ochish masalalari muhokama qilindi. Xu Xepin hamkorlikda milliy cholgʻu asboblarini ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish va “Farhod va Shirin” dostoni asosida badiiy loyiha yaratish kabi takliflarimni qo‘llab-quvvatladi.

XXR madaniyat va turizm vaziri “Xitoy madaniyati kunlari” doirasidagi gala-konsertda ham ishtirok etdi.

Xu Xepin tashrif davomida Samarqandning bir qator turizm obyektlari bilan tanishdi. Xususan, Ulug‘bek rasadxonasi, "Afrosiyob" muzeyi, "Shohi-Zinda" ansambli, "Go‘ri Amir" majmuasi, "Registon" ansambli, "Bibixonim" majmuasida bo‘ldi. Shu bilan birga, "Konigil" turizm qishlog‘idagi o‘ziga xos hayot tarzi, qadimiy an'analar, milliy liboslarni ko‘zdan kechirdi. Ta'kidlash joizki, turizm qishlog‘i mehmonda katta taassurot qoldirdi. 

Shu bilan birga, Xu Xepin Samarqanddagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, UNWTO Xalqaro turizm akademiyasi hamda UNWTO tematik ofisi faoliyati, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan ham yaqindan tanishdi.

XXR madaniyat va turizm vaziri O‘zbekistonning yana bir boy qadimiy tarixga ega viloyati, ilm-fan va madaniyat maskani — Buxoroda ham bo‘ldi. Xepin Somoniylar maqbarasi, "Ark" qal'asi, "Masjidi Kalon", "Minorai Kalon" va "Mir Arab" madrasalaridan iborat  "Poyi Kalon" me'moriy ansamblini ko‘zdan kechirdi. Qadim Buxoroning tarixiy shahar qismi mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. 

Shu bilan yuqori martabali mehmonning O‘zbekistondagi tashrifi yakunlandi.

Useful resources