Sirdaryoda o‘zan tozalash ishlarini olib borish natijasida yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganildi
13.
09. 2023
13:50
2139
News

Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryoda o‘zan tozalash ishlarini olib borish  natijasida yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganildi.

Maʼlumot uchun, viloyatning Guliston, Sayxunobod va Sirdaryo tumanlari hududidan Sirdaryo daryosi oqib o‘tadigan qismining umumiy uzunligi 140,7 km.ni tashkil etib, Sirdaryo daryosining umumiy suv muhofaza maydoni 7 003,1 gektarni, shundan qirg‘oq bo‘yi maydoni 1 388,8 gektarni tashkil qiladi.  

Mazkur hududda o‘zan tozalashga 37 ta tadbirkorlik subyektlari va Muhandislik muhofaza va qurilish-tiklash ishlari bosh boshqarmasi jalb qilinib, “Xavfsiz daryo” DUK bilan 3 yil muddatga tuzilgan shartnomalar asosida 46 ta uchastkada jami 49,2 km. masofada o‘zan tozalash ishlari olib borilmoqda. 

O‘rganishda 30 ta tadbirkorlik subyektlarida daryodan qum qazib olish jarayonida hosil bo‘ladigan oqova suvlar tindirilmasdan  to‘gʼridan-to‘gʼri  daryoga tashlanayotganligi, 9 tasida yerlar neft mahsulotlari va chiqindilar bilan ifloslantirilayotganligi  aniqlandi.

Shuningdek, 16  ta subyektning uchastkalarida  o‘tkazilgan topografik tasvirlash ishlari natijasida 11 417 m3 qirg‘oq yemirilganligi va noqonuniy noruda material (qum-shagʼal) qazib olinganligi maʼlum bo‘ldi.

Qolaversa, mazkur hududdan o‘tgan davlat ahamiyatidagi 4P-26 avtomobil yo‘li orqali Sirdaryo daryosi o‘zanida joylashgan uchastkalardan sig‘imi 40  tonna va 60 tonna yuk avtomobillarining yillar davomida muntazam  qatnashi natijasida yo‘l qoplamasi to‘liq buzilib, yaroqsiz holga kelib qolgan.

Hozirda mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari davom ettirilib, daryo o‘zanini tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi subyektlarda o‘rganishlar olib borilmoqda.

Useful resources